IIV Malaka oshirish instituti Inxa universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Bugun Toshkent shahridagi Inxa universitetida ushbu taʼlim muassasasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga koʻra, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning oʻquv dasturlarini, oʻquv-metodik va normativ materiallarini ishlab chiqish, taʼlim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, innovatsion va texnologik gʻoyalarni rivojlantirish, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilish belgilandi.
– Oʻrnatilayotgan hamkorlik yoʻnalishlari keng qirralidir,
– deydi Toshkent shahridagi Inxa universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Muzaffar Jalalov. – Matematik modellashtirish, algoritmlash va kriptografiya sohalarida, kompyuter va dasturiy injiniring yoʻnalishlarida zamonaviy oʻquv adabiyotlari, oʻquv-uslubiy materiallarni tayyorlash, ularning multimediali avlodlarini yaratish, oʻquv, ilmiy, texnik va boshqa adabiyotlar fondini, shuningdek global axborot va taʼlim resurslarini muntazam yangilab boriladi.
– Inxa universiteti bilan hamkorlik, ayniqsa, biz uchun dolzarb ahamiyatga, – deydi IIV Malaka oshirish instituti boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Narmatov. – Chunonchi, bugungi kunda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali joriy etishni ichki ishlar organlari xodimlariga oʻrgatish shiddat bilan rivojlanayotgan davr talabi boʻlib hisoblanadi. Qolaversa, kiberjinoyatchilik va butunjahon Internet tarmogʻi orqali sodir etiladigan jinoyatlarni oldini olish, axborot xavfsizligini taʼminlash sohalarida tizim xodimlarining bilim va malakalarini oshirishda ushbu nufuzli oliy oʻquv yurtining salohiyatidan samarali foydalanish koʻzlangan natijaga erishishga xizmat qiladi. Kelgusida biz yangi dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqishda, texnik-texnologik ishlanmalardan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xodimlarning malakasini oshirish yoʻnalishlarida ham hamkorlikni amalga oshiramiz.
Mazkur taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning taraqqiyotiga mos holda hamda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, ularning zamonaviy talablar asosida kasbiy koʻnikmalari va layoqatlarini rivojlantirib borishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Taʼlim muassasalari rahbarlari kelgusida memorandumda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati.

 

OʻzA