Noxolis axborot odamlar orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi

Joriy yilning 9-sentyabr kuni “Ozodlik” radiosining telegramdagi kanalida “Xalq banki pensiya boʻlimining koʻchirilgani keksalarga noqulaylik tugʻdirmoqda” nomi bilan yana bir videolavha joylandi.
Eʼtiborlisi, 45 yoshli “otaxon” tumandagi Mustaqillik mahallasiga borib, navbatdan oldin nafaqa pulini olishni talab qilgani tasvirga olingan. Faqat bu safar pensiyasini vaqtida ololmayotgan “jabrdiyda” talqinida.
Vaholanki, Paxtaobod tumani “Yolgʻiz bogʻ“ MFY Baxt koʻchasida yashovchi 45 yoshli nogironligi bor ushbu fuqaro oʻz nafaqasini joriy yilning 6-sentyabr kuni (belgilangan muddatdan 18-20 kun vaqtli) olib boʻlgan.
Bu “otaxon”ni hali unutib ulgurmagandik. Chunki 6-sentyabr kuni ham u farzandi chet eldan yuborgan pullarni bankdan ololmayotganini aytib, toʻs-toʻpolon koʻtargandi.
Ushbu holat joyiga borib oʻrganilganda, videodagi “otaxon” 45 yoshli nogironligi bor fuqaro (1974-yil 20-iyun kuni tugʻilgan) ekani, farzandi va oilasi yoʻqligi, ota-onasi bilan birga yashashi aniqlangandi. Shuningdek, ushbu fuqaro nomiga xalqaro pul oʻtkazmalari boʻyicha xorijiy davlatlardan pul kelmagani ham maʼlum boʻlgan edi.
Shu oʻrinda alohida qayd etish kerakki, bu kabi tekshirilmagan, noxolis axborotning tarqatilayotgani odamlar orasida asossiz vahima koʻtarilishi va turli tushunmovchiliklarga sabab boʻlmoqda.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolar nogironligi bor fuqaroning ruhiy holatini bila turib, uni videotasvirga olgan hamda keng ommaga oshkor qilib, fuqaroning shaʼni va insoniy huquqlarini buzishga, shuningdek, Xalq banki imijiga qasddan putur yetkazishga urinmoqda. Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida Xalq banki faoliyati notoʻgʻri talqin qilinishiga olib kelmoqda.
Taʼkidlash kerakki, Xalq banki tomonidan Paxtaobod tumanidagi 25,5 mingga yaqin pensiya va nafaqaxoʻrlarga joriy yilning 10-sentyabr holatida 4 milliard soʻmdan ortiq (43 foiz) toʻlovlar amalga oshirilgan. Xalq banki hududdagi aholiga pensiya va nafaqa pullarini oʻz vaqtida olishlari uchun barcha zaruriy choralarni koʻrmoqda.
Xalq banki axborot xizmati

 

OʻzA