“Omad yor boʻlsin, mister Gorski!” Bu jumlani “Apollon-11” kemasining boshligʻi Nil Armstrong 1969-yil 20-iyul kuni Oydan turib aytgan. Albatta, “inson uchun kichkina qadam, lekin insoniyat uchun juda katta odim”, degan ham shu kishi boʻladi. Oy yuzasidagi ishlarini bitirib, modulga qaytayotgan payti esa NASA uchun kutilmaganda notanish bir odamga omad tilaydi.
AQSH fazo tadqiqotlari agentligi bu jumla qaysidir sovet fazogiriga atalgan boʻlsa kerak, deb taxmin qiladi. Lekin aniqlanishicha, shoʻro davlatida bunday familiyali kosmonavt boʻlmaydi.
Oradan koʻp yillar oʻtdi. Jurnalistlar, jamoatchilik, tanish-bilishlar Nil Armstrongdan bu gapning egasini soʻrayverishdi, u esa shumlarcha tabassum bilan izoh bera olmasligini aytaverdi.
Ushbu mashhur remarkaning maʼnosini Nil Armstrong keksayib qolgan payti, 1995-yilda jurnalistlarga soʻzlab berdi. Chunki mister Gorski vafot etgan va fazogir endi sirni ochishi bilan hech kimni ranjitmasligiga ishonch hosil qilgan edi.
Gap shundaki, bolalikda Nil Armstrong oʻrtoqlari bilan tom orqasida, Gorskilar uyining yotoqxona qismiga yaqin joyda koʻp beysbol oʻynardi. Missis Gorski juda janjalkash boʻlib, mudom turmush oʻrtogʻining miyasini egovlar, bolalar buni eshitar edi. Mister Gorski ajrashgisi kelar, lekin rafiqasi qonunan izn bermasdi. Kunlardan bir kun beysbol payti toʻp oʻsha yotoqxona derazasining tagiga borib tushdi. Uni olgani borgan bola missis Gorskining mister Gorskiga shangʻillayotganini eshitdi: “Buni qachon olasan bilansanmi, qoʻshni bola Oyga qoʻnganda!”
Mister Gorski rafiqasidan nima soʻraganini anglab olish qiyin emas, albatta. Nil Armstrong esa bu shartni nafaqat bir umrga eslab qolgan, balki mashhur ham qilib yuborgan.
Muzayyana MASHRABXON, OʻzA