Kitobxonlar munosib taqdirlandi

Nukus shahridagi Yoshlar markazida “Eng kitobxon Xalq ta’limi bo‘limi” loyihasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari O.Hamroev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari I.Axmedov va boshqalar ishtirok etishdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus bu borada dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Joriy yil fevral-aprel oylarida o‘tkazilgan “Eng kitobxon maktab” loyihasining birinchi bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 706 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabidan 295 ming 414 nafardan ziyod o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, ular tomonidan 209 ming 210 dona kitob xarid qilindi. Natijada, 202 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi g‘olib deb topildi va ularga 12500 dona kitob bepul taqdim etildi. Shuningdek, uy sharoitida ta’lim olayotgan 1207 nafar o‘quvchiga kitob sovg‘a qilindi.
–Tadbir davomida kitobxon o‘quvchilar ko‘p ekanligi ma’lum bo‘ldi, – deydi “Beruniy Kitob Dunyosi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Sh. Oxunjanov. – Loyihaning birinchi bosqichida kitob yarmarkasi bilan bir qatorda o‘quvchilarning qaysi tildagi va qanday mazmundagi kitoblarni ko‘proq o‘qish istagini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi va ular kelgusi bosqichlarda hisobga olinadigan bo‘ldi.
Jumladan, loyiha doirasida o‘quvchilar tomonidan eng ko‘p talab etilgan 170 nomdagi kitob qoraqalpoq tiliga tarjima qilinadi va katta adatda nashr etiladi. Bundan tashqari, bosqichma-bosqich barcha tumanlarda filial tashkil etish, Mo‘ynoq tumanidagi “Kitob karvoni” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida nashriyot va bosmaxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish, korxona, tashkilot va muassasalarning “Ma’naviyat xonalari”ni turli mazmundagi kitoblar bilan ta’minlab borish, ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida yarmarkalar o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Tadbir yakunida “Eng kitobxon Xalq ta’limi bo‘limi” loyihasida g‘olib bo‘lgan Mo‘ynoq hamda Taxtako‘pir tumanlari Xalq ta’limi bo‘limlarining har biri 5 million so‘mlik o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillaridagi kitob jamlanmasi bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng ko‘p kitob o‘qib, Prezident maktabiga yuqori natija bilan o‘qishga kirgan ellikqal’alik yosh kitobxon Sa’dulla Rizaev rag‘batlantirildi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA