Oʻzbekiston harbiylari “Markaz-2019” oʻquv mashqlarida ishtirok etish uchun Rossiyaga yetib bordi

Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatiga yetib borgan harbiy xizmatchilar va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari 16-21-sentyabr kunlari “Markaz-2019” harbiy-strategik oʻquv mashqlarida qatnashadi. Bu haqda Mudofaa vazirligining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, yuzdan ziyod harbiylarimiz Donguz poligonida boʻlib turibdi.
Bu yerda ular harbiy guruhlarning kelishilgan harakatlarini birgalikda rejalashtirish va tashkil etish masalalarini ishlab chiqadi va maxsus tayyorgarlikdan oʻtadi.
Mashgʻulotlarda, shuningdek, Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya va Tojikiston vakillari ham ishtirok etadi.
Mashqlarning asosiy bosqichi Donguz poligonida oʻtadi, Namangan viloyatidagi Gʻurumsaroy poligonida esa Oʻzbekiston va Tojikiston harbiy boʻlinmalari birgalikda shartli terrorchi guruhlarni yoʻq qilish boʻyicha topshiriqlarni bajaradi.
Qayd etish joiz, Oʻzbekiston harbiylarining “Markaz-2019” strategik qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqlaridagi ishtiroki harbiy tayyorgarlik boʻyicha tajriba almashish, boshqaruv organlari ishini va Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror vaziyatni izdan chiqarishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha birgalikdagi harbiy amaliyotlarni oʻtkazishda boʻlinmalar harakatini tartibga solishning yagona algoritmini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

 

OʻzA