Oʻzbekistonning 4 ta viloyatida paxtachilik boʻyicha global dastur tajribasi qoʻllaniladi

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot boʻyicha federal vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) oʻrtasida “Paxtachilik sanoatida barqaror rivojlanish va qoʻshilgan qiymatni oshirish“ global dasturi ishga tushirildi. Poytaxtimizdagi Radisson Blu mehmonxonasida mazkur loyihaning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Vazirlikning Qishloq xoʻjaligi sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va ularning monitoringini yuritish boshqarmasi boshligʻi Rustam Mamajonov dasturni amalga oshirish orqali paxtani ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan barqaror ishlab chiqarish, shu jumladan, mamlakatda dastlabki qayta ishlash tizimining rivojlantirilishiga erishilishini qayd etdi. Shu maqsadda dastur paxta yetkazib berish zanjiri boʻylab strategik ittifoqlarni shakllantiradi va fermerlarga oʻz ishlab chiqarish tizimini takomillashtirishda yordam beruvchi sheriklarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Loyiha rahbari Floria Nitsenger oʻz taqdimotida xalqaro barqarorlik standartlarini joriy etishda asosiy eʼtibor yetishtirish va qayta ishlash tizimlariga qaratilishini taʼkidladi. Dasturning tajriba amaliyoti Navoiy, Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlarida qoʻllanilib, Oʻzbekiston paxtachilik tarmogʻini xalqaro savdo tarmoqlariga (qayta) birlashtirish, paxta xom ashyosini yetishtirishda ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy barqarorlik mezonlarini joriy etish, kadrlar salohiyatini kuchaytirish, barqaror paxta sanoati cohasida global tajriba almashinuvini kuchaytirishga qaratilgan.
Maʼlumot uchun, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bugungi kunda dunyoning 120 mamlakatida faoliyat yuritadi. Jamiyat Oʻzbekistonda 1992-yildan buyon turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
photo_2019-09-08_12-59-36.jpg
photo_2019-09-08_12-59-38.jpg
photo_2019-09-08_12-59-40.jpg
photo_2019-09-08_12-59-48.jpg

 

OʻzA