Mehribonlik uyiga Prezident sovgʻasi topshirildi

Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Oʻzbekiston Qahramoni M. Yerniyazov Xoʻjayli tumanidagi 1-Mehribonlik uyida boʻlib, tarbiyalanuvchilar va ustoz-tarbiyachilarni mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi bilan tabrikladi. Yangi oʻquv yilining boshlanishi bilan qutladi. 
Mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida yangi oʻquv yili “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi. Qoraqalpogʻistonda 1-sinfga qabul qilingan 35 ming 718 nafar oʻquvchiga “Prezident sovgʻasi” berildi.
Bugungi kunda Orolboʻyida 725 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi boʻlib, yangi oʻquv yili oldidan investitsiya dasturi asosida 7 ta umumtaʼlim maktabi yangidan barpo etildi, 12 tasida rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 45,1 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
“Obod qishloq” dasturi doirasida 30 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida 53,4 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.
Mamlakatimizda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining taʼlim olishi, boʻsh vaqtini maroqli oʻtkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Mana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik natijasida joriy yilda 6 nafar tarbiyalanuvchi oliy oʻquv yurtiga, 13 nafar tarbiyalanuvchi akademik litseyga oʻqishga kirdi.
Tadbir yakunida Mehribonlik uyi jamoasiga “Prezident sovgʻasi” – “Gazel” avtomashinasi hamda 1-sinf oʻquvchilariga sovgʻalar topshirildi.
Bayram kechasi Mehribonlik uyining “Tong gʻunchalari” dastasi va “Qars” guruhining konsert dasturi bilan davom etdi.
3.jpg

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA