Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida har biri 230-280 megavatt quvvatga ega boʻlgan ikkita bugʻ-gaz qurilmasi barpo etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga safari chogʻida mazkur investitsiya loyihasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish borasida katta marra olganmiz, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etyapmiz. Bular uchun avvalo mustahkam infratuzilma kerak. Bu loyiha Qoraqalpogʻiston va Xorazmda energiya taʼminotini yaxshilash, aholiga kuz-qish mavsumida ham uzluksiz elektr quvvati yetkazib berish uchun juda muhim, – dedi davlatimiz rahbari.
Bunday strategik ishlar boshqa hududlarda ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi va Fargʻona issiqlik elektr markazi modernizatsiya qilinmoqda.
Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi ularning toʻrtinchisi.
Prezidentimizning 2017-yil 11-sentyabrdagi qarori asosida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 678,2 million dollarni tashkil etadi. Ikkita bugʻ-gaz qurilmasining ishga tushirilishi natijasida stansiyaning umumiy quvvati 730 MVtdan 1003 MVtgacha oshadi. Yiliga 488,6 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Shuningdek, yillik suv sarfi 293 million kub metrga kamayadi. Yuzga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.
Taxiatosh IESda birinchi bugʻ-gaz uskunasi joriy yil noyabrda, xuddi shunday quvvatga ega ikkinchi uskuna keyingi yil yanvarda ishga tushiriladi.
Loyiha Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering Co. Ltd.” hamda “Hyundai Engineering & Construction Co. Ltd.” kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi.
Shu bilan Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.