Qoraqalpogʻistondagi oʻzgarishlar odamlar qalbida hayotga, kelajakka katta umid uygʻotmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 20-avgust kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Moʻynoq tumanida Amudaryo deltasida kichik suv havzalari barpo etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. 2019-2022 yillarga moʻljallangan bu yoʻnalishdagi loyiha suv havzalarini samarali boshqarish orqali hudud ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashga qaratilgan.
Prezidentimiz hududda chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish orqali ish oʻrinlari, aholi daromadini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining Moʻynoqni iqtisodiy rivojlantirish, Orol fojiasidan aziyat chekkan hudud aholisi hayotini yaxshilash boʻyicha ilgari surgan tashabbusi doirasida keyingi yillarda bu yerda ulkan ishlar bajarildi. Oʻtgan yil noyabr oyidagi tashrif chogʻida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda hukumatning Moʻynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Unda 2019-2021yillarda jami 1 trillion 485 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida qisqa vaqtda qator obyektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, tuman markazida 800 oʻrinli amfiteatr, davlat xizmatlari markazi, musiqa va sanʼat maktabi, sport zali, yopiq basseyn qurildi, madaniyat markazi va stadion, “Bozatau” ovul fuqarolar yigʻinidagi oilaviy poliklinika rekonstruksiya qilindi.
“Moʻynoq porloq teks” MCHJ joriy yil iyul oyida tikuvchilik korxonasi tashkil etib, 350 kishini ish bilan taʼminladi. Zamonaviy tikuv mashinalari oʻrnatilgan yangi korxona yiliga 1 million dona tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirgi kunda choyshab, koʻrpa jildlari va maxsus ish formalari tikilmoqda. Shu yerda savdo doʻkoni tashkil etilgan. Yangi qurilayotgan uylardan korxona ishchilari uchun xonadonlar ajratilgan.
Shavkat Mirziyoyev mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan suhbatlashdi.
– Moʻynoqda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, koʻzlaringizdagi hayotdan mamnunlik kishini quvontiradi. Bu uzoq-uzoq hududlarga borib qilayotgan ishlarimiz natijasidir. Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan boʻlsa, Moʻynoqqa kelib koʻrsin, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulot turini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Bir paytlar Moʻynoq baliqchilik sanoati bilan mashhur boʻlgan. Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili bu yerga kelib, mavjud suv havzalarida baliqchilikni qayta tiklash va rivojlantirish, shu orqali aholini barqaror daromad bilan taʼminlash boʻyicha tavsiyalar bergan edi.
“Moʻynoq akva sanoat” korxonasi ana shu tashabbusning amaliy natijasidir. Loyiha qiymati 20 milliard soʻm boʻlgan bu korxona kelasi oy ishga tushiriladi va yiliga 4 ming tonna baliqni qayta ishlash quvvatiga ega boʻladi. 200 tonna dudlangan baliq, 780 tonna qiyma, 400 tonna file, 9 million dona konserva ishlab chiqaradi.
Bugungi kunda korxona binosi qurilishi yakunlanib, texnologik uskunalar oʻrnatilmoqda.
Prezidentimiz “Moʻynoq akva sanoat”ning salohiyati, bu yerda tayyorlanadigan mahsulot turlari va ularni eksport qilish imkoniyatlari bilan tanishdi. Baliq konservalarini koʻpaytirish va savdosini kengaytirish, ish oʻrinlarini oshirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berdi.
Shu yerda Qoraqalpogʻistonda baliqchilikni rivojlantirish, Orol dengizining qurigan tubida yashil butazorlar barpo etish va mintaqada ekologik holatni yaxshilash borasidagi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Baliqchilik – tabiiy suv havzalari koʻp boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun serdaromad tarmoq. Sohani rivojlantirish maqsadida mavjud resurslarni inobatga olib, qoʻshimcha 17 loyiha ishlab chiqilgan. Unga koʻra, baliq yetishtirish hajmini 15 ming tonnaga, qayta ishlash darajasini 36 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, mintaqada ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida ulkan ishlar bajarilmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, 42 yil davomida hammasi boʻlib 400 ming gektar maydonga saksovul ekilgan boʻlsa, 2018-2019yillardagi qish-bahor mavsumida qariyb 500 ming gektarda muhofaza oʻrmonzorlari barpo etilgan.
Toʻplangan tajribadan kelib chiqib, yana ikki yilda 700 ming gektar yerni yashil hududga aylantirish mumkinligi taʼkidlandi. Buning uchun oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 2 ming tonna urugʻ, jumladan, 1,5 ming tonna saksovul, 300 tonna qandim, 150 tonna qoraburoq va 50 tonna choʻl ozuqa oʻsimliklari urugʻini jamgʻarish, 100 million donadan ortiq saksovul koʻchati tayyorlash, 100 kilometr masofada qumni zichlash, shuningdek, choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish va hamkorlik oʻrnatish rejalashtirilmoqda. Bu tadbirlar natijasida yaqin yillarda Orolboʻyida ekologik holatni barqarorlashtirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, bandlikni oshirish, chorvachilikni rivojlantirish uchun katta zamin yaratiladi.
Tumanda qamishdan qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarishga oid loyiha haqida maʼlumot berildi. “Muynak LDSP” korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha yiliga 50 ming kub metr qirindi plita, 12 ming kub metr hajmda mebel tayyorlash va 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev Moʻynoq tumanidagi Madaniyat markazida qoraqalpogʻistonlik faollar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, qoraqalpoq eliga ezgu tilaklarini izhor qildi.
– Qoraqalpogʻistonda hamma sohada oʻzgarish boʻlayapti. Buning zamirida shu zaminda yashayotgan buyuk xalqning mehnati, intilishlari mujassam. Sizlar bilan birgalikda katta harakat boshladik. Har bir hududning dardini oʻrganaylik, har bir insonning qalbiga kirib boraylik, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaylik, deb chuqur islohotlarni amalga oshirayapmiz. Odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak, – dedi Prezident.
Shunday yaxshi niyatlar bilan olib borilayotgan ishlar natijasi Moʻynoq tumanidagi oʻzgarishlarda yaqqol namoyon boʻlayotgani taʼkidlandi. Hudud qisqa vaqtda ulkan bunyodkorlik, qurilish maydoniga aylandi, qiyofasi mutlaq oʻzgardi. Bu mahalliy aholi koʻnglini togʻday koʻtardi. Odamlar mashhur qoʻshiqqa hamohang qilib “Bir kelib keting, Moʻynogʻimizga” deb baralla gapirmoqda. Negaki, Orolboʻyi aholisi turmushini yaxshilash haqidagi gap-soʻzlar oʻtgan asrning 50-yillaridan buyon aytib kelinayotgan boʻlsa-da, biror tayinli ishga qoʻl urilmagan edi. Keyingi ikki yilda bajarilgan ishlar tufayli esa bugun, taʼbir joiz boʻlsa, Moʻynoq bilan qaytadan tanishishga toʻgʻri kelmoqda.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi tuzildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi, Orolboʻyida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. Dengizning qurigan tubida muhofaza oʻrmonzorlari, Amudaryo deltasida kichik suv havzalari barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-fevraldagi qaroriga muvofiq, Moʻynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning sakkiz oyida 8 bogʻcha, 7 maktab, 4 sport inshooti, 6 tibbiyot muassasasi va 8 madaniyat obyekti qurildi va taʼmirlandi. Bundan tashqari, 20 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etilmoqda. Bularning barchasi odamlarda qabul qilinayotgan qarorlar hayotiy ekaniga ishonch, ertangi kunga umid uygʻotmoqda.
Uchrashuvda Nukus shahri va barcha tumanlardan kelgan vakillar Moʻynoqdagi oʻzgarishlarga havas qilganini taʼkidlab, oʻzlari yashaydigan joylardagi kamchiliklar, yechimini kutayotgan muhim masalalarni tilga oldi. Ularni hal etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
– Katta-katta imoratlar, zamonaviy texnika bilan maqtanish kerak emas. Aqlli, bilimli, fidoyi farzandlarni tarbiyalasak, ular Vatanga sadoqat bilan xizmat qilsa, eng katta boylik, baxt mana shudir, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksini qurish loyihasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 12-yanvardagi qarorida ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari belgilangan.
Majmuada yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna ugolok, shveller, 22 ming tonna vanadiy shlagi va boshqa metall mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 35 foizini eksport qilish rejalashtirilgan. Konning zaxirasi 1,1 milliard tonnani tashkil etadi. Loyihani tayyorlash va amalga oshirishga Germaniyaning ““DMT-Group Consulting” va Avstriyaning “Horst Wiesinger Consulting” korxonalari jalb etilgan.
Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, loyiha toʻliq ishga tushganidan keyin yiliga 33 million tonna ruda qazib olinib, undan 1,5 million tonna temir moddasi olish koʻzda tutilgan.
Prezidentimizga mazkur loyihaning ahamiyati va istiqboli haqida batafsil maʼlumot berildi. Soha mutasaddilari va xorijiy mutaxassislarning fikricha, mazkur loyiha oʻzini toʻliq oqlaydi. Uning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyoti rivojida, jumladan, qora metall ishlab chiqarish va qayta ishlash koʻlamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shavkat Mirziyoyev xorijiy kompaniyalar mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Majmua qurilishiga ilmiy jihatdan puxta yondashish, metalldan mahsulot ishlab chiqarish sohasida oʻziga xos maktab yaratish kerakligini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini mukammal ishlab chiqish, uni amalga oshirishga yoshlarni koʻproq jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.

 

Matnazar ELMURODOV, Alouddin GʻAFFOROV, OʻzA