Yurtimizdagi sayyohlikni rivojlantirishga oid keng koʻlamli chora-tadbirlar dasturida turistlarning xavfsizligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida joriy etilayotgan Xavfsiz turizmni taʼminlash konsepsiyasini Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida tatbiq etish, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini rivojlantirish nazarda tutilgan edi.
Shunga muvofiq, joriy yilning iyun oyidan Toshkent shahar IIBB qoshida Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmasi ish boshladi. Bugungi kunda ushbu boshqarmaning 10 dan ortiq xodimlari shahrimizdagi aeroportlar, vokzallar hamda sayyohlik obyektlarida faoliyat yuritmoqda.
Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur boʻlinmaning faoliyatini yoʻlga qoʻyish davomida Buxoro va Samarqanddagi Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari vakillari bilan uchrashib, ularning ish tajribasi bilan tanishdi.
Shuningdek, mutasaddilar tomonidan faoliyat uchun muhim moddiy texnik bazani shakllantirish ishlari amalga oshirildi.
Toshkent shahar matbuot xizmati xabarida yozilishicha, ayni kunda avtobuslar, avtomobillar, skuter va mototsikllar ishlashga shay. 2019-yil sentyabr oyiga kelib tashkiliy ishlar nihoyasiga yetadi va Toshkentda sayyohlik politsiyasi tuzilmasi toʻliq tarkibda shakllanadi.
Ushbu boʻlinma shahrimizga kelayotgan turistlarning xavfsizligini taʼminlash hamda sayyohlik obyektlarida jamoat tartibini saqlash vazifasini bajaradi.
OʻzA