I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida. ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy xizmatchilar hamda madaniyat va san’at xodimlari, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar muzey faoliyati haqida ma’lumotlar yetkazgan bo‘lsa, harbiy xizmatchilar Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan keng islohotlarga to‘xtaldi. Shuningdek, so‘nggi yillardagi milliy armiyamizga bo‘lgan e’tibor, Vatan himoyachilarining ijtimoiy-huquqiy masalalari muhofazasi haqida so‘z bordi.
Mulohazalarga boy o‘tgan suhbatdan keyin ishtirokchilar muzeyning kutubxonasi hamda “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasi bilan tanishdi. Harbiy xizmatchilar XX asrning birinchi yarmida yaratilgan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi va O‘zbekiston davlat san’at muzeyi ashyolari hamda kolleksiyalaridan iborat rangtasvir va grafika, shuningdek, milliy san’at asarlarini tomosha qildi.
* * *
Orolbo‘yi iqtisodiyotiga sarmoyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.
Uchrashuvlar davomida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish va yangi loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarni amalga oshirish maqsad qilingan. Energetika va sanoat, qishloq xo‘jaligi, texnologiya va innovatsiya sohalarida investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvlar ko‘rib chiqilmoqda.
O‘z navbatida xitoylik tadbirkorlar mamlakatimizdagi sarmoyaviy muhit va iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berdi. Ular o‘zlari bilan birga zamonaviy texnologiyalar, moliyaviy resurslar va xalqaro tajriba olib kelishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
* * *
Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida umumiy merosdan fuqaroga tegishli bo‘lgan ulush undirib berildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo sudining 2024 yil 13 maydagi qaroriga asosan qarzdor T.B.dan undiruvchi Ye.T. foydasiga umumiy merosdan ulushi uchun 68 million 895 ming 834 so‘m undirish belgilangan.
Ushbu sud qarori Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlari olib borildi. Jumladan, joriy yilning 9 yanvar kuni fuqaroga merosdan tegishli 68 million so‘mdan ortiq pul mablag‘i qarzdordan undirib berilib, sud qarori ijrosi ta’minlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri