Yangi farmon
Mamlakatimizda charm ishlab chiqarish va undan mahsulotlar tayyorlash imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrda imzolangan “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni charm sanoatini rivojlantirishda qanday ahamiyat kasb etadi? Shu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Akbar Sultonovning fikrlariga qiziqdik.
– Charm sanoati O‘zbekistonda ishlab chiqarishning muhim tarmoqlaridan biridir. Bu nafaqat ichki bozorning ehtiyojlarini, balki tashqi bozordagi talablarni ham ta’minlashga qodir, – deya fikrini boshlaydi Akbar Sultonov. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimiz charm sanoatini rivojlantirish uchun muhim huquqiy hujjatlardan biri bo‘ldi. Ushbu farmon bilan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar, imtiyozlar va iqtisodiy sharoitlar taqdim etiladi.
– Daromad solig‘ining 1 foiziga kamaytirilishi tarmoqdagi korxonalarga qanday imkoniyatlarni yaratadi?
– Darhaqiqat, farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan hamda tegishli shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilandi. Bu O‘zbekistonda charm sanoatini rivojlantirish uchun katta imkoniyatdir. Charm sanoatining foyda solig‘i stavkasi 1 foizga kamaytirilishi, tadbirkorlar uchun ayni vaqtda iqtisodiy og‘irliklarni yengishda katta yordam beradi. Kamaygan soliq yuki yangi investitsiyalar kiritish, ishlab chiqarishni kengaytirish va sifatni oshirish uchun manbalar taqdim etadi.
Ikkinchidan, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash imkonini beradi, charm sanoatining texnologik yangilanishini ham rag‘batlantiradi. Tadbirkorlar soliqlardan olingan foyda bilan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, yangi avtomatlashtirilgan liniyalarni o‘rnatish, ishlab chiqarish jarayonlarini samarali tashkil qilishga qodir bo‘ladi. Navbatdagi imkoniyat esa ish o‘rinlari yaratish va kadrlar tayyorlash masalasi bilan bog‘liqdir. Kamaytirilgan soliqlar yordamida charm sanoatining ishlab chiqarish hajmi oshadi, bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga katta imkoniyat beradi.
Hukumat yangi tadbirlar orqali malakali kadrlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Eng muhimi, eksport salohiyatini oshirishda yangicha yondashuvlar o‘rtaga chiqadi. Texnik jihatdan zamonaviylashtirilgan va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni tashqi bozorlardagi talabni qondirish uchun muhimdir. Soliq kamayishi va texnologik yangilanishlar bilan charm mahsulotlarining eksport salohiyati oshadi. Mamlakatning xorijiy savdosi kengayadi, bu esa milliy iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlaydi. Shuni ham unutmaslik kerak, ushbu imtiyozlardan faqtgina tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar foydalana olishi mumkin. Imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan korxonalarda jami xodimlar sonining kamida 15 foizi Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan bo‘lishi, xodimning ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmasligi va realizatsiya qilingan mahsulotlardan tushgan umumiy tushum umumiy daromadning 90 foizini tashkil etishi kerak.
– Demak, ushbu farmon bilan soliq stavkalarining kamaytirilishi va boshqa imtiyozlar milliy iqtisodiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi…
– Albatta, charm sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun soliq stavkalarining pasayishi nafaqat tarmoqning o‘ziga, balki butun iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning asosiy ta’siri quyidagi yo‘nalishlarda ko‘rinadi:
avvalo, soliq imtiyozlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini arzon va sifatli ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu ichki va tashqi bozorda raqobatni kuchaytirib, istiqboldagi bozorlarga kirishni osonlashtiradi;
kamaygan soliq stavkalarini tatbiq etish orqali ishlab chiqarishning o‘ziga xos darajasi oshadi. Charm sanoati uchun yangi texnologiyalar, innovatsiyalar va samaradorlikni oshirishga yordam beradigan ko‘plab xo‘jalik sub’ektlari tashkil etiladi.
Shuningdek, kamaygan soliqlar davlat va xususiy sektor o‘rtasida teng raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi. Bu yerda muammolarni hal qilish va yangi texnologiyalarni tatbiq etish uchun imkoniyatlar vujudga keladi.
Charm sanoatining rivoji iqtisodiy holatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Tasavvur qiling, masalan, bugun mamlakatimizdagi charm sanoati korxonalarida ushbu farmon qabul qilingunga qadar tarmoqda 1000 nafar oilalar a’zolari faoliyat yuritib kelgan. Shu yildan boshlab esa bu ko‘rsatkich karralarga ortadi. Boisi, korxonalarda iqtisodiy manfaat ko‘rish darajasi yuqori bo‘ladi.
Misol uchun, bitta korxona bir oyda 1 milliard so‘m daromad ko‘rsa, u har oyda kamida 150 million so‘m soliq to‘laydi. Endi farmon bilan belgilab berilgan barcha talablarni bajarib, yuqorida sanab o‘tilgan reyestrdagi oilalarni ishga olish orqali 150 million so‘m emas, 10 million so‘m to‘laydi. Qolgan mablag‘ni esa ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, xomashyo xaridiga sarflaydi. Endi davlatning foydasi aynan ushbu reyestrdagi oilalarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Kambag‘allikdan chiqarish darajasi yuqorilaydi. Bu ham davlatga, ham xususiy sektorga katta foyda keltiradi.
Umuman olganda, mazkur farmon charm sanoatida yangi imkoniyatlar va ijobiy o‘zgarishlar olib keladi. Soliq stavkalarining pasayishi, innovatsion yangilanish va texnologik rivojlanishga qaratilgan choralar mamlakatimiz charm sanoatini yangi bosqichga ko‘taradi. Bu iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, samaradorlikni oshirish va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga katta hissa qo‘shadi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA muxbiri