“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan ushbu sohada qator qoidabuzarliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Yaqinda Namangan viloyati Chust tumanida “Ch.Sh.” MCHJ ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish binosida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish holati aniqlandi. Bu orqali jami 2,1 milliard so‘mlik elektr energiyasi noqonuniy ravishda foydalanilgan.

Shuningdek, Andijon shahridagi “B.B.” nomli ta’lim muassasasida ham elektr tarmog‘iga shartnomasiz ulanish qayd etilgan bo‘lib, natijada 892,2 million so‘mlik energiya noqonuniy iste’mol qilingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Inspeksiya axborot xizmatining xabariga ko‘ra,  Jizzax viloyatidagi energetika ob’ektlarida xavfsizlik qoidalariga rioya etmagan holatlar ham uchradi. Xususan, Baxmal tumanida 35/10 kV “Turon” podstansiyasidan chiquvchi havo tarmog‘ida ta’mirlash ishlarini olib borgan brigada xavfsizlik talablariga amal qilmagan. Bu qo‘pol qoidabuzarlik uchun brigada ishdan chetlatildi. Xavfsizlik chora-tadbirlarining to‘liq bajarilishi nazoratga olindi.

Qashqadaryo viloyatida qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda. Qarshi shahridagi “Issiqlik manbai”ga qarashli ko‘p qavatli uylarni issiqlik bilan ta’minlash uchun o‘rnatilgan gaz uskunalari tekshirildi. Ushbu uskunalarda texnik nosozliklar aniqlanib, ularni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha ta’minot korxonasiga ko‘rsatmalar berildi.

E’tiborlisi, mazkur nazorat tadbirlari hududlarda energiya resurslaridan foydalanishda qonunbuzarliklarni bartaraf etish va xavfsizlikni ta’minlashda amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA