O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi Nukus shahri bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya jangovar bo‘linmalarining piyoda yurishi bo‘lib o‘tdi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy sadolari ostida bo‘lib o‘tgan Vatan qalqonlarining ko‘rgazmali yurishi 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami, ayyom shukuhini barchaga ulashish hamda yurt himoyachilari timsolini ulug‘lashga xizmat qildi.
Shahar markaziy ko‘chalari bo‘ylab qariyb 5 kilometr masofani harbiycha jangovar kuy va qo‘shiqlar jo‘rligida bosib o‘tgan yurt o‘g‘lonlarining shaxdam qadamlariga, qat’iyati va o‘ziga yarashgan harbiy ust-bosh kiyimiga havas va orzu bilan boqib turgan yoshlar, ishonchli qalqonimiz borligidan g‘ururlangan o‘rta yoshdagi vatandoshlar, musaffo osmonimiz ostida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikka shukrona keltirayotgan yoshi ulug‘ insonlarning nigohlarida hayajon, qalblarida ajib bir tuyg‘u alanga oldi.
Namoyishkorona piyoda yurishga Nukus shahrida joylashgan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining 55 metr balandlikda o‘rnatilgan qo‘sh-bayroqlari ostidagi maydonda yakun yasalib, tadbirning konsert qismiga navbat berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat va san’at namoyandalari hamda harbiy orkestr tomonidan kuylangan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lsa, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug faxriy qorovul vzvodining muddatli harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan saf va qo‘l jangi bilan ko‘rgazmali chiqishlari bayramga o‘zgacha tarovat bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA