O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Muomalaga chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament tasdiqlandi.
Unda: Texnik reglamentning maqsadi va qo‘llanish sohasi;
muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari;
texnika vositalarini identifikatsiya qilish qoidalari, texnika vositalarining Texnik reglament talablariga muvofiqligini baholash va tasdiqlash;
texnika vositalarini muomalaga chiqarish qoidalari hamda muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alash;
Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish tartiblari belgilangan.
Mazkur Texnik reglament O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolarning hayotini yoki sog‘ligini muhofaza qilish, atrof-muhitni, hayvonot va o‘simlik dunyosini asrash, xaridorlarni (iste’molchilarni) chalg‘itadigan harakatlarning oldini olish, savdodagi texnik tusiqlarni bartaraf etish, ichki va tashqi bozorda texnika vositasining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablarini belgilaydi.
Reglament umumiy talablar, shu jumladan, boshqa texnik reglamentlar bilan tartibga solinadigan texnika vositalarini ishlab chiqarish, sotish va yo‘q qilish jarayonlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qaror bilan Muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni joriy etish sxemasi ham tasdiqlandi.
Muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran sakkiz oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi texnikalari konstruksiyasining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2016 yil 18 martdagi 80-son qarori Muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament amalga kiritilgan kundan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
O‘zA