Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda dastlab “Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasida “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish, shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishi va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqini beri masalalari ko‘zda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari loyiha haqida fikr bildirar ekan, uning qabul qilinishi tibbiyot sohasida qon zaxiralari va beg‘araz donorlar sonining ortishiga, bu o‘z navbatida, soha rivojiga xizmat qilishini qayd etdi.

Shuningdek, yig‘ilishda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyati kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha bilan fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatini uch yildan besh yilga o‘zgartirish, shuningdek, fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov o‘tkazish orqali saylangan yangi fuqarolar yig‘ini raisining ham vakolat muddatini besh yil etib belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi bo‘yicha fraksiya a’zolari bir qator taklif va tavsiyalar bildirib, uni ma’qulladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA