Bosh prokuraturaning Fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi tomonidan 2022-2024 yillarda fuqarolik sudlarida soliq tizimi idoralariga ishga tiklash bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlar va mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi ahvoli tahlil qilindi.

Aniqlanishicha, sudlarda bu yo‘nalishda jami 77 ish ko‘rilgan va shundan 50 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda qonun talablari buzilganligi sababli sud qarorlariga asosan ular ishga tiklangan.

Sud qarorlari bilan ishga tiklangan shaxslarga ish haqi va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 1 milliard 69 million so‘m ish haqi va ma’naviy zarar undirish belgilanib, shundan 841 million so‘m to‘lab berilgan.

Prokuratura organlari tomonidan soliq tizimi mas’ul mansabdor shaxslaridan 186 million so‘m davlatga yetkazilgan zararni regress tartibida davlat foydasiga qaytarib undirish haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 40 ta prokuror da’vo arizalari kiritilishi ta’minlangan.

Shu bilan birga, mehnat qonunchiligi talablari buzilganligi yuzasidan Soliq qo‘mitasi raisi nomiga taqdimnoma kiritilib, boshqarma xodimlari hamda mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi.

Muhokama davomida qonun talablariga to‘liq rioya etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

N.Abduraimova, O‘zA