Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risida Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur loyiha www.uzbekistan2030.uz veb-saytiga joylashtirildi va joriy yilning 22 yanvar  kuniga qadar keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamasi uchun havola etildi.

Davlat dasturi loyihasining besh yo‘nalishida 295 ta amaliy chora-tadbir, 87 ta normativ-huquqiy hujjat ro‘yxati, shuningdek, har bir yo‘nalish kesimida maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan.

Xususan, loyihaning 79-maqsadi –“Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish” qismida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan alohida 14-band kiritildi. Unda Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan o‘z faoliyat yo‘nalishiga mos ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash hamda shular asosida hamkorlik rejalarini tasdiqlash kabi choralarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Bugungi global muammolar va tez o‘zgarayotgan vaziyatlar davrida davlat boshqaruvining samaradorligini oshirish va demokratik tamoyillarni mustahkamlashda parlamentlar va tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Parlament qonunchilik hokimiyatining asosiy instituti sifatida mamlakatda strategik qarorlar qabul qilishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, tadqiqot markazlari ilmiy asoslangan tahlillar, tavsiyalar va innovatsion yechimlarni taqdim etish orqali parlament faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bunday hamkorlikning asosiy jihatlari, avvalo ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, ekspertlar va tahlil markazlari Qonunchilik palatasiga zarur ma’lumot va tahlillarni taqdim etish orqali parlament faoliyatini samarali olib borishga ko‘maklashadi. Bu, qaror qabul qilish jarayonida asoslangan va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvlarni ta’minlaydi.

Ikkinchidan, tadqiqotchilar bilan hamkorlik orqali deputatlar uchun maxsus seminarlar, treninglar va master-klasslar tashkil etish, ularning bilimini oshirish, zamonaviy tendensiyalar va davlat boshqaruvi sohasidagi muammolarni chuqurroq tushunish imkonini beradi.

Yana bir jihati, byurokratiyaning kamayishi, ilmiy asoslangan qarorlarni qabul qilish, parlament faoliyatining shaffofligi va samaradorligini oshiradi. Bunday yondashuv fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, hududiy, ijtimoiy yoki iqtisodiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish orqali parlament aniq faktlar asosida qarorlar qabul qiladi.

Tadqiqot markazlari jamoatchilik fikrini o‘rganib, uni parlamentga yetkazib, demokratik jarayonlarda jamoatchilik ishtirokini ta’minlaydi.

Hozirgi global muammolar, iqlim o‘zgarishi, raqamli texnologiyalar, migratsiya kabi yo‘nalishlardagi ilmiy markazlar parlamentga zamonaviy yondashuvlarni taklif qilishi ham ayni jihatlardan sanaladi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Parlament va tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishda, jamiyat ehtiyojlariga mos yechimlar topishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zaro hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi masalalarni hal etishda ham katta imkoniyatlar yaratadi.

Nilufar Doniyorxojayeva,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘limi boshlig‘i

O‘zA