Ushbu savollarga “Oʻzgidromet” markazi bosh sinoptigi Irina Zayseva shunday javob berdi:
– Iyul oyi bizda ham Oʻrta Osiyo yozi uchun ham juda issiq keldi, – deydi I.Zayseva. – Bu yil biz, Oʻzbekistonda butun meteorologik kuzatuvlar davrida barcha hududlar, xususan Toshkentda ham eng issiq iyul oyini boshdan kechirdik.
Esingizda boʻlsa, 11-iyuldan boshlab oʻrtacha oylik havo harorati meʼyordan 5-7 darajaga, ayrim joylarda esa undan ham yuqori boʻldi. Bu vaqtda harorat 40-43 darajani, yurtimizning shimoli, janubda va choʻl hududlarida issiq avjiga chiqqanda 44-45 darajani tashkil qildi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining choʻllarida esa jazirama 46-48 darajagacha yetdi.
Toʻgʻri orada harorat biroz pasaygan davrlar ham boʻldi. Biroq, juda qisqa muddatda oʻtib ketgani bois, deyarli sezilmadi. Shu bois bu yilgi iyulning oʻziga xosligi yuqori haroratdagina emas, balki jazirama davrning uzoq davom etganidadir. Misol uchun, koʻpgina viloyatlarda maksimal harorat 40 daraja va undan yuqori boʻlgan davr 10-17 kunni, janubiy va choʻl zonalarida esa 20-25 kunni tashkil qildi. Bu oʻrtacha koʻp yillik koʻrsatkichlardan ancha yuqori.
Bugun 5-avgustda taqvim boʻyicha chilla oʻz nihoyasiga yetdi, biroq yoz jaziramasi salqin kunlarga oʻz oʻrnini boʻshatishga shoshilayotgani yoʻq. Yaʼni Oʻzbekistonda juda issiq ob-havo saqlanib turadi. Harorat kunduzi 40-43 darajagacha, janubiy viloyatlarning ayrim joylarida esa 44-45 daraja boʻlishi kutilmoqda.
Quvontiradigan xabar esa haftaning oxirida kutilmoqda. 10-11-avgustga borib, harorat pasayadi va 33-38 darajani tashkil qilishi kutilmoqda.
Sayyora SHOYEVA, OʻzA