Yer uchastkalari olib qoʻyilganda kompensatsiya qay tarzda beriladi?

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, yer uchastkalarini olib qoʻyish kompensatsiyaning quyidagi turlari berilishi sharti bilan amalga oshiriladi:
– fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan boshqa teng qiymatli obod turar joyni mulk qilib berish va dov-daraxtlar qiymatini toʻlash;
– buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga toʻlash, shuningdek, yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;
– yer uchastkasini oʻzlashtirish davrida ikki yilgacha muddatga ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻliq toʻlangan hamda yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan boshqa zararlarni qoplagan holda, fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi berish;
– davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qoʻyilishi oqibatida yuridik shaxslarga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berish yoki koʻchmas mulkning bozor qiymatini va yetkazilgan zararlarni qoplash;
– yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi oqibatida yetkazilgan zararlarni toʻlaligicha qoplash;
– fuqarolarga va yuridik shaxslarga tegishli buzilishi kerak boʻlgan uylar, imoratlar va inshootlarni koʻchirish va yangi joyda tiklash, shuningdek, yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash;
– yangi joyda uylar, imoratlar qurish hamda ularni fuqarolar va yuridik shaxslarga mulk qilib berish, shuningdek, yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash.

 

OʻzA