Yozgi taʼtil “Kamalak” bilan maroqli oʻtmoqda

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Xoʻjayli tumani kengashi tomonidan “Yozni “Kamalak“ bilan“ loyihasi doirasida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
– Bu tadbirlardan asosiy maqsad, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni turli toʻgaraklarga jalb etishdan iborat, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Xoʻjayli tumani kengashi yetakchi mutaxassisi Azina Ilmuratova. – Jumladan, tuman markazidagi “Turon” madaniy dam olish bogʻida yoshlar sayillari, rasmlar galereyasi, kitobxonlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishlarini oshirish maqsadida stol tennisi, qoʻl jangi, shashka musobaqalari tashkil etildi. Gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. Yosh qoʻshiqchilar va raqqosalar ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari “Murtazobiy” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi, uy sharoitida taʼlim olayotgan Jayrona Yusupbayevaning holidan xabar olib, unga turli mavzudagi kitoblar sovgʻa qilindi.
“Yozni “Kamalak bilan“ loyihasi doirasidagi bunday tadbirlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida tashkil etilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA