Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vazir shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat va hukumat rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mamlakatda tarixiy yangilanishlar kechayotgan bugungi muhim davrda baxt-saodat va ulkan zafarlar, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladilar.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatda ikki tomonlama munosabatlarga doir va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli ikki tomonlama aloqalar aniq mazmun bilan boyigani taʼkidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortmoqda, Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Hududlarning bevosita hamkorligi faollashdi. Taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashuvlar boʻyicha sheriklik gʻoyat yuksak darajaga koʻtarildi.

Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi yoʻlida, butun Markaziy Osiyo barqarorligi va taraqqiyotini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini tasdiqladilar.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovbilan muloqot chogʻida Oʻzbekiston – Turkmaniston munosabatlarining istiqboli, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik izchil mustahkamlanib, koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari, avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda kengayib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Shuningdek, Prezidentimiz Turkmaniston rahbariga joriy yil avgust oyining boshida “Avaza” milliy turizm zonasida boʻlib oʻtadigan birinchi Kaspiy iqtisodiy forumini oʻtkazishda muvaffaqiyat tiladi.

Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevga koʻp qirrali Oʻzbekiston – Qozogʻiston hamkorligining rivojlanishi va mustahkamlanishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida savdo hajmi bir necha karra ortdi, ustuvor yoʻnalishlarda istiqbolli kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlik kengaymoqda. Ishbilarmonlik aloqalari va hududlararo almashuvlar faollashdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, jumladan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston Bosh vazirlari raisligidagi qoʻshma Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonbilan muloqotda oʻzaro hamohang siyosiy iroda va faol saʼy-harakatlar ikki tomonlama doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilgani alohida qayd etildi.

Bugungi kunda ikki tomonlama manfaatli Oʻzbekiston –Tojikiston hamkorligi yuksak darajaga koʻtarilib, barcha soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Davlat rahbarlari oʻzaro savdo hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kengaytirish, faol gumanitar almashuvlarni, jumladan, chegaradosh hududlar oʻrtasidagi aloqalarni davom ettirish muhimligini taʼkidladilar.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevbilan Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan oʻtgan hafta ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari ishtirokida “Beyneu – Akjigit – Oʻzbekiston chegarasi” avtomobil yoʻlining ochilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida birgalikdagi madaniy-gumanitar tadbirlarni muvaffaqiyatli oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev vaQirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov muloqot chogʻida Oʻzbekiston – Qirgʻiziston strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Turli darajadagi aloqalar faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi ortayotgani, gumanitar almashuvlar jadallashgani alohida taʼkidlandi.

Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnilik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni, jumladan, hukumatlararo komissiyalar doirasida davom ettirishga kelishib olindi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻandavlatimiz rahbarining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni bugungi yuksak darajaga koʻtarishga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Hukumatlararo komissiyaning kuni kecha Anqara shahrida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishi va Oʻzbekiston – Turkiya biznes-forumi samarali boʻlgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Turli yoʻnalishlarda, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng koʻlamda amalga oshirish borasida tomonlarning intilishi qatʼiy ekani qayd etildi.

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vazir shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon BAA Prezidenti shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda joriy yil mart oyida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari yuksak baholandi.

Moliya va innovatsiyalar sohalarida, energetika, neft-gaz va kimyo sanoatida, transport, turizm va ishbilarmonlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sogʻliqni saqlash va boshqa yoʻnalishlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari BAA yetakchi kompaniya va tashkilotlarining ilgʻor tajribasi va ilmiy yutuqlar foydalangan holda oʻzaro manfaatli hamkorlikka doir qoʻshma dastur va loyihalarni faol ilgari surish muhim ekanini taʼkidladi.

* * *

Tavallud kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, hukumatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan tabrik maktublari kelmoqda.

Qutlovlarda milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida aholi turmush sifati va darajasini tubdan yuksaltirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining beqiyos roli qayd etilgan, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilab, samimiy istaklar izhor etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz munosabati bilan samimiy tabrigimni qabul qilgaysiz.

Siz yurtdoshlaringiz orasida va xorijda Oʻzbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun ulkan ishlarni amalga oshirayotgan tajribali va uzoqni koʻra biladigan davlat arbobi sifatida haqli ravishda yuksak hurmatga sazovorsiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga Sizning shaxsan qoʻshgan hissangiz beqiyosdir.

Konstruktiv muloqotimiz va yaqin hamkorlikdagi faoliyatimizni davom ettirish menga mamnuniyat bagʻishlaydi. Ishonchim komil, Sizning Rossiyaga boʻlajak tashrifingiz qardosh xalqlarimiz farovonligi yoʻlida barcha sohalarda ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin dildan mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyat tilayman.

Hurmat bilan,

Vladimir PUTIN,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

* * *

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Keyingi yillarda Xitoy bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida ijobiy oʻsish tendensiyasi namoyon boʻlmoqda – siyosiy oʻzaro ishonch muttasil mustahkamlanmoqda, “Bir makon, bir yoʻl”ni birgalikda bunyod etish borasidagi saʼy-harakatlar kengaymoqda, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi gumanitar aloqalar hamda mintaqaviy va xalqaro masalalardagi oʻzaro hamkorlik faollashmoqda.

Shu yil aprel oyida Pekin shahrida “Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro hamkorlik forumi doirasida boʻlib oʻtgan samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga yangi surʼat bagʻishladi. Men Xitoy – Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor beraman, oʻrtamizdagi qalin doʻstlikni gʻoyat qadrlayman, davlatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida koʻp tomonlama hamkorlikning yangi marralariga erishish uchun Siz bilan birgalikda bor saʼy-harakatni ishga solishga tayyorman.

Sizga mustahkam sogʻlik va masʼuliyatli davlat lavozimidagi faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman.

Si SZINPIN,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

Shuningdek, quyidagilar oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – ElboshiNursulton Nazarboyev;

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev;

Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov;

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon;

Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan;

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In;

Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy;

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko;

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev;

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;

MDH Ijroiya qoʻmitasi Raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

 

O’zA