Ogoh boʻling! Daftarlardan xavfli virus tarqalmoqda

Hurmatli ota-onalar, oldindan aytib qoʻyay, mabodo farzandingizga yangi oʻquv mavsumi uchun daftar xarid qilmoqchi boʻlsangiz, ogoh boʻling. Muqovada koʻrgan har tasvir yoki maʼlumotga ishonib ketavermang.
Masalan, suratda Amir Temur emas, balki uning oʻgay oʻgʻli aks etgan, “Fargʻona” toʻgʻrisidagi maʼlumotda esa umuman jungli oʻrmonlari haqida “aljirangan” boʻlishi mumkin…
Vahima qilayotganim yoʻq. Kecha uyimiz oldidagi doʻkondan besh-oltita 12 varaqli daftar, yana bir qancha oʻquv qurollari sotib oldim. Sentyabr yaqin, keyish shoshib qolmaylik dedim-da. Daftarlar muqovasida tarixiy shaxslar, shaharlar nomi, orqa qismida esa ular haqida qisqacha maʼlumotlar (shunday deyish mumkin boʻlsa) berilgan. Harna, bolalar serquyosh yurtimizning bebaho goʻshalari, ajdodlari bilan tanishar, dunyoqarashi oshar, degan umidda edim. Keyin bilsam, chuchvarani xom sanabman.
Nosir al-Fargʻoniymi yoki Kasir al-Fargʻoniy?
Birinchi daftar. Ustiga katta harflar bilan “Fargʻona” deb yozib qoʻyilgan. Demak, mantiqan daftar orqasida Fargʻona toʻgʻrisida maʼlumotlar berilishi kerak. Ammo buning oʻrniga negadir al-Fargʻoniy hayoti va ijodi haqida soʻz yuritilgan. Yana bir xil maʼlumot ikki marta, bitta betning oʻzida. Matndagi gʻij-gʻij xatolardan-ku koʻngil ayniydi.
Misol keltiraman. Birinchi xatboshida berilgan maʼlumotga ishonadigan boʻlsak, Fargʻoniyning toʻliq ism-sharifi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Nosir al-Fargʻoniy. Ikkinchi xatboshida esa buyuk ajdodimizning ismi sal boshqacharoq – Abul Abbos Ahmad ibi (“ibi” shevasi koʻproq Buxoro tomonlarga xos boʻlib, ajablanganda yoki ensa qotirganda qoʻllaniladi – D.N.) Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniy”.
Qoyilmisiz? Shu paytgacha oʻqitilgan adabiyotlarda faqat bitta – Ahmad al-Fargʻoniy boʻlardi. Balki “daftardoʻzlar” bilgan boshqa fargʻoniylar ham bordir, buni endi oʻzlari tilga kirsalar, aytib berishar.
Bundan tashqari, matndagi “A.al-F Xalifa Xorun ar-Rashid (786-809) vorisla-85 7ri al-Maʼmun (813-833)…davrda yashadi”, “Horun ar-Rashid vafoti (809-y.)dan soʻng xalifalik taxtiga Muhammad al-Amin (809-813) chiqadi. y. ga qadar Marv-da yashaydi. U oʻz atrofiga olimlari fo-zillarni toʻplaydi…” va hokazo jumlalarni oʻqisangiz, beixtiyor: harflar “trezviy” kallada terilmagan, degan shubhaga borishingiz aniq.
Yangi Qoʻqon xonligi haqida eshitganmisiz?
Ikkinchi daftar. Ustiga katta harflar bilan “Qoʻqon” deb yozib qoʻyilgan. Maʼlumot qismida qayd etilishicha, “Qoʻqon – Fargona viloyatida, sharqiy Oʻzbekistondagi shahar. Aholisi 221, 700 (2010-yil). Eski Qoʻqon xonligining poytaxti boʻlgan…”
Birinchidan, Oʻzbekistonda “Fargona” nomli viloyat yoʻq. Ikkinchidan, tarixda faqat bitta “Qoʻqon xonligi” boʻlgan. Uni “eski” yoki “yangi”ga ajratish fan uchun “yangilik”. Keyin, hurmatli ishlab chiqaruvchilar, uygʻoning, hozir 2019-yil. Maʼlumotga yakun yasagan jumlani oʻqib, umuman yoqa ushlaysiz: “K. dan Fargʻona rik shaharlariga va viloyatning avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi”. Shoʻrlik oʻquvchilar!
Mirzo Ulugʻbek – folbinmi?
Uchinchi daftar. “Mirzo Ulugʻbek” surati tushirilgan ushbu daftarda yozilishicha, Ulugʻbek eng avvalo … folbin boʻlgan ekan. Yoʻqsa, “Buyuk munajjim” jumlasini yana qanday izohlash mumkin? “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham “munajjim” soʻziga “yulduzlarga qarab fol koʻrgan kishi” deb taʼrif berilgan.
Yaxshiyam bu daftarlar XXI asrda chiqayapti, xudo koʻrsatmasin XVII asrda bosilganida bormi, polyak astronomi Yan Geveliy Ulugʻbekni dunyoning barcha davrlaridagi eng buyuk besh nafar matematigi sirasiga kiritmagan, uning nomini Nostradamus qoʻlyozmalaridan qidirib yurgan boʻlardik.
Aytgancha, bilmasangiz, bilib qoʻying: Ulugʻbekni yana “Risolayi Lugʻbek” degan asari ham bor ekan. Balki, yoshligida Mirzoni erkalab “Lugʻbek” deb chaqirishgandir, bu yogʻi endi “daftardoʻzlar”ga ayon… Keyin matndagi jumlalarni tushunib, anglash uchun, kamida “filologiya fanlari nomzodi” boʻlish kerak (bonusiga – imloviy xatolar): “…U Buyuk Yulduz bilimdoni va riyoziydon boʻlgan… U yoshligini koʻpincha Oʻrta Sharq va Hindistonda oʻtkazgan boʻlib Amir Temur oʻlimidan keyin Samarqand yaʼni Koshgʻarli Mahmudga koʻra Samizkentda yerlashgan. Keyinchalik Otasi Shohrux Mirzo Hirotni oʻz davlatining boshkenti etib tayinlangach, …1409 – yilda Samarqand boshchisi boʻlib, 1411 – yilda esa Movaraunnahr xonliklarining erkin hukumdori boʻlgan”.
Baraka topgurlar, 12 varaqli daftardan tilshunoslar emas, 7-10 yoshli boshlangʻich sinf oʻquvchilari foydalanadi.
Toʻrtinchi daftar, beshinchi, oltinchi… Umumiy manzara achinarli: dahshatli darajada imloviy xatolar, notoʻgʻri maʼlumotlar, turli manbalardan koʻr-koʻrona koʻchirilgan siyqa jumlalar… Bir soʻz bilan aytganda, daftarlar – savodsizlik virusining oʻchogʻiga aylanayapti. Unga tezda chora koʻrilmasa, mutasaddilar koʻzlarini kattaroq ochmasa, vijdoni uygʻonmasa biz har doim faxrlanadigan ajdodlarimiz yana yuz yil goʻrida tik turadi.

 

Dilshod Nurulloh, OʻzA