Maktab joylashuvi va mikrohududni aniqlashga yordam beruvchi onlayn xarita xizmati ishga tushdi

Yangi xizmat – gis.uzedu.uz – ota-onalarga oʻzlarining mikrohududlari va ularning hududlaridagi maktablarni aniqlab olish imkoniyatini beradi, deya xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.
Hozirgi kunda mazkur xizmat test rejimida faoliyat yuritmoqda. Onlayn xaritaga Toshkent shahridagi barcha maktablar mikrohududlari bilan kiritilgan.
Xizmatdan foydalanish uchun saytga kirish kerak va Toshkent shahri xalq taʻlimi bosh boshqarmasi ni hamda tegishli tumanni tanlash lozim. Shundan keyin Maktablarni koʻrish tugmasini bosish kerak va tizim xaritada maktablarni koʻrsatadi (qizil bilan yangi qabul tizimi joriy etilayotgan maktablar belgilangan).
Yangi xizmat Xalq taʼlimi sohasida AKTni rivojlantirish markazi xodimlari tomonidan yaratilgan. Xizmat respublikadagi barcha maktablar joylashuvini koʻrsatadi. Kelajakda xizmat kengaytirilib, respublikadagi barcha maktablarning mikrohududlarini koʻrish imkoniyati yaratiladi.
Saytda aloqa uchun maʼlumotlar joylashtirilgan boʻlib, foydalanuvchilar tizimni takomillashtirish boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarni bildirishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, maktablarning mikrohududlari tuman hokimiyatlari qarori bilan tasdiqlanadi.

 

OʻzA