MOQ rahbari Moskvada Rossiya sport vaziri bilan uchrashdi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov shu kunlarda xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida R.Shoabdurahmonov Rossiya sport vaziri Pavel Kolobkovning ham qabulida bo‘ldi. Uchrashuv davomida har ikki tomon o‘rtasida o‘zaro hamkorlik borasida qator loyihalar xususida kelishuvga erishildi.
– Rossiya va O‘zbekiston uzoq yillik mustahkam aloqalarga ega va biz bu hamjihatlikni davom ettirishga tayyormiz. Tashkilotimiz O‘zbekiston tomonining Rossiya sport vazirligi hamda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik qilish borasida 2019 yil uchun tuzilgan Harakat rejasini ma’qullaydi. Mazkur loyiha hududlarda sportdagi ilm-fan yutuqlari, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi axborot almashinuvi, sport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirlar tashkil qilish tajribasi, shuningdek, ikki mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida chuqur hamkorlik qilish imkoniyatini yaratadi, – dedi Rossiya sport vaziri Pavel Kolobkov.
photo5276388038219508310.jpg
Uchrashuv mobaynida o‘zbekistonlik sportchilarning katta musobaqalarga tayyorgarlik olbi borishi uchun Rossiya sport vazirligiga qarashli sport bazalari taqdimoti ham namoyish etildi. Ushbu safar davomida Rustam Shoabdurahmonovga MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori, professor Abdushukur Sadikov hamrohlik qildi va Rossiyadagi sport tibbiyoti sohasi mutaxassislari bilan o‘zaro tajriba almashdi.
Uchrashuv so‘ngida Rossiya sport vaziriga O‘zbekiston MOQning esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.

 

O‘zA