Maishiy chiqindidan qurilish materiallari tayyorlanmoqda

Nukus shahridagi “Mustanab Xilol” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan maishiy chiqindilardan qurilish materiallarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 
“Ekosan” ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston hududiy tashkilotining “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Nukus shahar kengashi bilan hamkorlikdagi “Davlat organlari bilan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatishga, aholi yashash sharoitini yaxshilashga ko‘maklashish” mavzuidagi grant loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovda g‘olib bo‘lib, moliyalashtirilgan edi.
Loyihani amalga oshirish doirasida “Mustanab Xilol” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Nukus shahridagi “Quruvchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ko‘p qavatli uylar aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi chiqindixona barpo etildi.
– Mazkur chiqindixona uchun zarur qurilish materiallarini bozordan sotib olmasdan, ular aholi tomonidan tashlangan maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali olindi, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rashid Qartboev. – Masalan, penoplast materialini benzin bilan aralashtirib lak bo‘yog‘i hosil qilinadi. Turli hajmdagi rezinalarni maydaladik va ularni lak bu yog‘iga aralashtirish orqali hosil bo‘lgan materialni yumshoq asfalt qoplamasi sifatida foydalandik. Shisha buyumlarni ham maydaladik va ularni lak bo‘yog‘i bilan aralashtirib, turli rangdagi suvoqlarda qo‘lladik. Bundan tashqari, plastmassa buyumlarini qayta ishlash orqali cherepitsa, mato qirqimlari kley aralashmasini gulqog‘oz o‘rnida foydalandik. Axlatxonaga quyoshdan quvvat oladigan yorituvchi chiroq va bosma kran o‘rnatildi. Natijada mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ko‘p qavatli turar joylar aholisi chiqindixonadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, chiqindilarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish orqali ancha mablag‘ tejaldi. Masalan, bir kvadrat metr yumshoq asfalt qoplamasi 208 ming so‘m bo‘lsa, buning uchun taxminan 60-70 ming so‘m sarflandi.
Loyihaning amalga oshirilishi ko‘p qavatli uylar aholisining, ayniqsa, yoshlarning tibbiy, ekologik madaniyatini oshirishga, atrof-muhit tozaligini saqlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, ikki kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA