Mehnat munosabatlari, atom energiyasi, ovchilik va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari deputatlar tomonidan koʻrib chiqildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
2019-yil 13-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Deputatlar ishni qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqishdan boshladilar. Taʼkidlash lozim, mazkur qonun loyihasi mehnat muhofazasi masalalari, bandlik sohasida belgilangan kafolatlarni taʼminlash hamda voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish, mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash kabi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
Qayd etish joizki, ushbu loyiha qoʻmitalarda muhokama qilinganda koʻplab tortishuvlarga sabab boʻlgan hamda qator normalar yuzasidan deputatlar oʻz takliflarini kiritgan edilar. Shu sababli ham mazkur qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida masʼul qoʻmita tomonidan shu mazmundagi maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq amaliyot chuqur oʻrganildi, statistik maʼlumotlar tahlil qilindi. Natijada qonun loyihasini kiritgan tashabbuskorning bir qator takliflari asossiz deb topilib, uning qator moddalariga jiddiy oʻzgarishlar kiritildi.
Jumladan, qonun tashabbuskori tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida vakolatli davlat organining koʻrsatmasini bajarishdan boʻyin tovlaganlik, oʻz vaqtida yoki tegishli ravishda bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni joriy etish hamda bu ishlarni koʻrib chiqish vakolatini Davlat mehnat inspeksiyasiga berishni belgilash taklif etilgan edi.
Deputatlarning asoslantirilgan taklifiga binoan bunday maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish vakolati maʼmuriy sudlarga oʻtkazildi. Parlament vakillarining taʼkidlashicha, jazolash vakolatini nazorat qiluvchi organ ixtiyorida qoldirilishi ushbu sohada korrupsiya holati yuzaga kelish ehtimolini kuchaytiradi.
Shu bilan birga, qonun loyihasining dastlabki holatida avvallari koʻzda tutilmagan yangi, yaʼni ishga qabul qilishni rasmiylashtirish tartibini, ish oʻrinlarining mehnat sharoiti boʻyicha attestatsiyani oʻtkazishga doir qonun hujjatlari talablarini, ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini oʻrganish hamda hisobga olish talablarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarliklarni belgilash taklif etilgan edi.
Deputatlarning fikricha, taraqqiyotning yangi bosqichida, jinoiy va maʼmuriy javobgarlik liberallashtirilayotgan bir sharoitda yana yangi jazo choralarini joriy etish islohotlar mohiyatiga zid hisoblanadi. Muhokamalar davomida deputatlar uning normalarini takomillashtirish yuzasidan keskin tanqidiy fikr-mulohazalar bildirib, bir qator amaliy takliflarni bayon qildilar. Shu bois, ushbu takliflarni inobatga olgan holda qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi va yanada maromiga yetkazgan holda navbatdagi majlisda qayta koʻrib chiqiladigan boʻldi.
Shundan soʻng deputatlar “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qildilar.
Mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilinganidan soʻng deputatlar, soha mutaxassislari va manfaatdor vazirlik hamda idoralar vakillari tomonidan bildirilgan takliflar asosida yanada takomillashtirilganligi taʼkidlandi.
Xususan, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, mazkur sohani davlat tomonidan tartibga solishda qatnashuvchi boshqaruv va nazorat organlari (operator va regulyator), shuningdek, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat turlari, litsenziyalash uchun qoʻyiladigan asosiy talablar yanada aniq qilib belgilandi. Sohada amalga oshiriladigan davlat nazorati, nazorat yoʻnalishlari va nazorat qiluvchi organlar roʻyxatiga aniqlik kiritildi.
Qizgʻin kechgan muhokamalar chogʻida deputatlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlar ishlab chiqish lozimligi, mazkur qonun loyihasida esa koʻplab havolaki normalar mavjudligi, atom energetikasi sohasi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida oʻta muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda uni yanada takomillashtirish lozimligi taʼkidlab oʻtildi. Shundan soʻng, ushbu qonun loyihasi ham kun tartibidan chiqarildi va maromiga yetkazgan holda keyingi majlis kun tartibiga kiritiladigan boʻldi.
Parlament aʼzolari tomonidan “Xalqaro mehnat tashkilotining 1930-yildagi Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining koʻrib chiqilishi ushbu sohada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi hisobalanadi. Ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da – “Xavfsiz va himoyalangan mehnat” tadbirlar dasturi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Mazkur Bayonnomaga koʻra, XMTning har bir aʼzosi Konvensiyadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishda majburiy mehnatga barham berishi kerak.
Qonun loyihasining qabul qilinishi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan konstruktiv hamkorlikni kuchaytirish, majburiy mehnat qurbonlari huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish imkonini beradi.
Yigʻilishda Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “Ovchilik va ov xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Shuningdek, deputatlar Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar. Unga koʻra, Karmana tumanidagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan – 1 071,44 gektar, “Varq” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan – 26,14 gektar yer maydonlari Navoiy shahri tarkibiga oʻtkazilmoqda.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.
Yigʻilishda bir qator deputatlar tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tashabbus koʻrib chiqildi. Deputatlarning taʼkidlashicha, mamlakatimizga olib kirilayotgan palma yogʻi va uning asosida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining inson salomatligiga taʼsiri va oziq-ovqat sanoatidagi mavjud standartlar talablariga rioya qilinishi masalalari boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish lozim.
Muhokamalardan soʻng masʼul qoʻmitalarga ushbu masalani chuqur oʻrganib, 10 kun muddatda tegishli xulosa tayyorlash vazifasi topshirildi.
Majlisda, shuningdek, parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

OʻzA