Buyuk Britaniya elchisi Oʻzbekistondagi oʻz missiyasini yakunlamoqda

Kristofer Allan 2015-yilning kuzida Buyuk Britaniya elchisi etib tayinlangan edi.
Bugun Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatdagi missiyasini yakunlayotgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allanni qabul qildi. Bu haqida TIV matbuot xizmati maʼlum qildi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston — Buyuk Britaniya munosabatlarining dolzarb masalalari muhokama qilindi va joriy yilda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
10−11-iyul kunlari London shahrida oʻtkaziladigan OAV erkinligi boʻyicha Global konferensiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirokining amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv soʻngida vazir Kristofer Allanga uning elchi sifatidagi saʼy-harakatlari va sermahsul faoliyati uchun minnatdorchilik bildirdi.
Elchi oʻz navbatida, Oʻzbekiston va TIV rahbariyatiga oʻzining Buyuk Britaniya diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi vazifalarini samarali bajarishida koʻrsatilgan koʻmak uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Kristofer Allan 2015-yilning kuzida Buyuk Britaniya elchisi etib tayinlangan edi.

 

OʻzA