Shavkat Mirziyoyev: Nurafshon shahri poytaxt bilan raqobatlashishi kerak

Prezidentimiz Nurafshon shahrida bosh reja asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi.

Maʼlumki, 2017-yili Toshkent viloyati markazi ushbu shaharga koʻchirilgan, oʻtgan yili uning bosh rejasi ishlab chiqilgan edi. Bosh rejaga asosan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, joylarda islohotlarni jadallashtirish maqsadida viloyat boʻysunuvidagi idora va tashkilotlar Nurafshonga koʻchirib kelinib, ularga shart-sharoit yaratilmoqda.Prezidentimizga bosh reja asosida shahar markazini batafsil rejalashtirish ishlari haqida maʼlumot berildi. Unga muvofiq, bu yerda Toshkent viloyati hokimligi, vazirlik va idoralar boshqarmalari, madaniyat obyektlari, universitet va maktablar, shifoxona, sport majmualari boʻlishi rejalashtirilgan.

Yangi maʼmuriy markazda aholi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, infratuzilma va kommunikatsiyalarni yangilash, poytaxtimizda boshlangan bunyodkorlik jarayonini viloyat markaziga ham keng yoyish maqsadida bu yerda 246 gektar maydonda “Smart sity” qurish loyihalashtirilmoqda.

Ushbu aqlli shaharcha uch bosqichda barpo etiladi. Birinchi bosqichda kvartiralarning umumiy soni 1792 ta boʻlgan toʻqqiz va oʻn ikki qavatli uylar quriladi. Yangidan qad rostlaydigan Nurafshon universiteti yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashiga zamin yaratsa, yopiq sport majmuasida badiiy gimnastika, tennis, kurash va qilichbozlik kabi sport turlari boʻyicha yirik musobaqalar oʻtkaziladi.

“Smart sity” toʻliq aqlli texnologiyalar asosida barpo etiladi. Yaʼni bu yerda arxitektura va qurilishdagi zamonaviy texnologiyalar qoʻllaniladi. Har bir uy, har bir inshootga energiyatejamkor uskunalar oʻrnatiladi.

Prezidentimiz yaqinda Chilonzor tumanining Bogʻiston koʻchasida qurilayotgan 9 qavatli uylar bilan tanishish chogʻida bunday turar joylarni viloyat markazlarida ham barpo etish zarurligini taʼkidlagan edi. Ushbu tavsiyalar asosida Nurafshonda ham 21 ta shunday uy qurish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Shuningdek, 360 oʻrinli bogʻcha, 1 ming 200 oʻrinli maktab, madaniy-maishiy obyektlar, dam olish hududlari barpo etiladi.

– Nurafshon mamlakatimizda shahar qurish boʻyicha yangi tajriba boʻlmoqda. Ijtimoiy soha obyektlari, bu yerdagi shart-sharoitlar Toshkentdagidan kam boʻlmasligi, ular bilan raqobatlashadigan boʻlishi kerak. Albatta, buning uchun har bir loyiha ustida jiddiy ishlash, uzoqni koʻzlab ish tutish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Nurafshonda kanalizatsiya tarmogʻi umuman talabga javob bermasdi. Mavjud tozalash inshooti butun shaharni qamrab ololmaydi. Shu bois qurilish davomida muhandislik kommunikatsiyalari butunlay yangilanadi.

Shaharning markaziy Toshkent yoʻli koʻchasi ham yangidan barpo etilmoqda. Koʻcha boʻyidagi bir qavatli eski imoratlar oʻrnida 7 va 9 qavatli uylar, servis shoxobchalari, salomatlik markazlari, gipermarketlar qurilishi boshlangan. Har bir bino oldida avtomobil toʻxtash joylari boʻlishi koʻzda tutilgan.

Ushbu koʻchada toʻrt polosali avtomobil yoʻli bilan birga ichki yoʻl ham qurildi. Yaʼni, shaharda harakatlanayotgan transport vositalari asosiy yoʻldagi avtomobillarga xalaqit qilmaydi. Asfalt yoʻl yonida vilosiped va piyodalar yoʻlakchalariga joy ajratilgan. Irrigatsiya tarmoqlari uchun yangi turdagi yopiq lotoklar oʻrnatilib, koʻcha boʻylari koʻkalamzorlashtirilmoqda.

Toshkent yoʻli koʻchasida tirbandlikning oldini olish maqsadida shaharga kirish qismidan “Smart sity” markaziga keluvchi yangi 4 kilometrlik koʻcha qurilishi rejalashtirilgan. Bu yoʻlovchilarga va shahar aholisiga qulaylik yaratuvchi yoʻl boʻladi.

Ayni paytda aholini ish bilan taʼminlash maqsadida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish uchun 100 gektarlik texnopark barpo etilishi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Shu yerda viloyat aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihalari ham taqdim qilindi. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida 2022-yilga borib viloyat aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasini qariyb 92 foizga yetkazish imkonini beradigan ushbu loyihalar uchun xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari jalb etiladi.

Oʻrta Chirchiq tumanida 50 gektar maydonda innovatsion savdo majmuasi qurilishi moʻljallanmoqda. Loyiha qiymati 50 million dollar boʻlgan majmuada 5 mingta doʻkon joylashadi, 10 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi. 2021-yilda ishga tushiriladigan majmuada noozoq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar, qurilish materiallari savdosi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu savdo majmuasidan byudjetga bir yilda 100 milliard soʻm mablagʻ tushadi.

Prezidentimiz Toshkent viloyati mintaqaning muhim logistika markazi ekanini, yirik savdo va xizmat koʻrsatish majmualarini qurishda hududning bu imkoniyatini eʼtiborga olish lozimligini taʼkidladi. Har bir loyihani sifatli va oʻz muddatida amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

1.jpg
2.jpg
3.jpg
4.jpg
5.jpg
6.jpg
7.jpg

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA