Shavkat Mirziyoev: Yaqin Sharqdan vatandoshlarimizni olib kelish juda qiyin bo‘ldi

Toshkent viloyati faollari bilan yig‘ilishda davlatimiz rahbari «Mehr» operatsiyasiga ham to‘xtalib o‘tdi. 
– Mana, 156 nafar yurtdoshimizni Yaqin Sharqda urush bo‘layotgan joydan olib keldik. Xo‘sh, ular nima uchun ketgan? Ahvolimiz harob bo‘lgani uchun, sharoit bo‘lmagani uchun ketgan. Lekin u yerda nima bo‘ldi? Xotin-qizlarimizni sotishdi, beshta bola beshta otadan, 14 yoshli qiz tuqqan. Shu holat bizga yarashadimi?
Ularni Vatanga olib kelish juda qiyin bo‘ldi. Qancha davlatlar bilan gaplashdik. Samolyotni u yoqqa qo‘ndirish, terroristlarni qo‘lidan olib chiqish oson emas. Lekin qaytardik – nima bo‘lgandayam ular bizning vatandoshimiz. Endi nima qilish kerak? Nuroniylar, jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Kim buni tushuntiradi? Bunday narsalar hammamizni o‘ylantirishi, qiynashi kerak, – dedi Prezident.
O’zA