Ohangaron shahar Davlat xizmatlari markazi kuniga yuzlab fuqarolarga xizmat ko‘rsatmoqda

Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari hamda tuman va shaharlardagi markazlari tashkil etildi.
Fuqarolarimizga tezkor va qulay bo‘lgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish mazkur maskanlar oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan.
Yaqinda Ohangaron shahar Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida ushbu markaz faoliyati bilan tanishdi.
Zamon talablari asosida barpo etilgan markaz binosi shahar markazining Amir Temur ko‘chasi 15-uyda qad rostlagan yangi turur joy binosining birinchi qavatidagi noturar qismining to‘liq 600 kvadrat metr maydonida barcha qulayliklarni o‘z ichiga olgan holda bunyod etildi.
Bugungi kunda Ohangaron shahrida 37 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2018 yil davomida shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan jami 7382 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019 yilning birinchi choragida 6 mingdan ortiqni tashkil qildi.
Bu halqimizning ijtimoiy hayotida davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji va talabi kundan-kun ortib borayotganligidan dalolat berib, amalda ham o‘z isbotini ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda markazda jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar 100 dan oshdi. Eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish, notarius, sug‘urta, kadastr, FHDYo va boshqa xizmatlar mavjud.
Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida binoda bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, kutubxona, oshxona, investorlar uchun maxsus xonalar hamda bepul “WI-FI” tashkil etilgan. Bu yerga kelganlar ulardan foydalanib, kutish vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ushbu markazda Bosh vazir qabulxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Endilikda muammo va takliflar bilan kelgan tadbirkorlar qulay sharoitlarga ega bo‘lgan Davlat xizmatlari markazida tegishli davlat organlari vakillari ishtirokida qabul qilinadi.
Prezidentimiz aholi ko‘p murojaat qilayotgan masalalarni o‘rganib, shunga taalluqli sharoitlarni yaxshilash, talab etiladigan hujjatlarni kamaytirib borish zarurligini ta’kidladi. Davlat xizmatlari markazi tizimidan foydalangan holda mahalla idoralarida ham hujjatlar bilan ishlashni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 

 

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA