Elchixona tashabbusi bilan Rossiya biznes missiyasi Oʻzbekistonga keldi

“Rossiya tayanchlari” Umumrossiya kichik va oʻrta tadbirkorligi jamoatchilik tashkiloti vasiylik kengashi raisi Sergey Borisov boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 27-may kuni Oʻzbekiston – Rossiya ishbilarmonlari biznes-forumi boʻlib oʻtdi.
Forumning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi oʻrinbosari Islom Jasimov Rossiya Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalar boʻyicha ishonchli hamkori ekani, ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari tufayli strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi. Oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar barcha yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berayotgani qayd etildi.
Tadbirda Rossiyaning turizm va mehmonxona xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga ixtisoslashgan kompaniyalari Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
S.Borisov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturiga yuqori baho berdi. Mazkur dastur ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va toʻplangan milliy tajriba bilan yaqindan tanishish istagida ekanini qayd etdi.
– Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan mazkur tashrif Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etildi, – deydi S.Borisov. – Oʻzbekiston diplomatlarining mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi ushbu intilishlari rossiyalik elchilar uchun ham namuna ekanini qayd etish joiz.
Tadbirda mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyati va “Rossiya tayanchlari” Umumrossiya kichik va oʻrta tadbirkorligi jamoatchilik tashkiloti faoliyatiga bagʻishlangan taqdimotlar namoyish etildi.
– Tashkilotimiz 2003-yildan beri faoliyat koʻrsatib kelmoqda, – deydi “Rossiya tayanchlari” Umumrossiya kichik va oʻrta tadbirkorligi jamoatchilik tashkiloti vitse-prezidenti Nikolay Dunayev. – Tashkilotimiz mamlakat boʻylab 450 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlarini oʻz atrofida birlashtiradi, 100 dan ziyod sohaviy assotsiatsiyalar va uyushmalarga egamiz. Bugungi kunda tashkilotimiz Rossiya ishbilarmonlarini huquqiy, investitsiyaviy masalalarda qoʻllab-quvvatlash bilan birga, yoshlar va xotin-qizlar biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga koʻmak berib kelmoqda. Ushbu tashrif ikki mamlakat kichik va oʻrta biznes vakillari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, ular manfaatini himoya qilishga qaratilgan faoliyatni tashkil etish masalalarini muhokama qilish imkonini bergani bilan ahamiyatli.
Biznes-forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari oʻrtasida “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi.

 

Malohat HUSANOVA, OʻzA