Oʻzbekiston – Xitoy: taʼlim sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda

Davlatimiz rahbari ilgari surgan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha beshta muhim tashabbusning biri yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hisoblanadi.
Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi mazkur tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan holda mamlakatimizdagi xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashgan oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga 8 ming nusxada kitob sovgʻa qildi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida 20 may kuni maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti va ular qoshidagi Konfutsiy institutlari, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Xitoy milliy madaniy markazi vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori Abdurahim Mannonov va boshqalar mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻplab sohalar qatori taʼlim yoʻnalishida, xususan, oʻzbek va xitoy tillarini oʻqitish borasida faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi.
Bugungi kunda Xitoy Markaziy millatlar universiteti, Pekin chet tillar universitetida oʻzbek tili oʻqitilmoqda. Xitoyning nufuzli oʻquv akademik muassasalaridan Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida alohida oʻzbek tili kafedrasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib Toshkent va Samarqand shaharlarida ochilgan Konfutsiy institutlari yurtdoshlarimizni xitoy tili va madaniyati bilan yaqindan tanishtirib kelmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlarida xitoy tilini oʻqitish boʻyicha zamonaviy markazlar tashkil etilgan.
– Muassasamiz Xitoyning oʻndan ziyod oʻquv yurti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti xitoyshunoslik fakulteti dekani Sabohat Hoshimova. – Mingdan ortiq talabamiz xitoy tilini oʻrganmoqda. Institutimiz qoshida faoliyat olib borayotgan Konfutsiy instituti oʻquvchilari soni esa 600 nafardan oshgan. Bu yurtimizda yoshlarning xitoy tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat.
Tadbir doirasida “Xitoy tili koʻprigi” xalqaro talabalar tanlovining mamlakatimizdagi final bosqichi ham oʻtkazildi. Unda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabasi Akbar Tursunov gʻolib deb topilib, Xitoyda oʻtkaziladigan “Xitoy tili koʻprigi” tanlovida qatnashish imkonini qoʻlga kiritdi.

 

Malohat HUSANOVA, OʻzA