Abdulaziz Komilov Slovakiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

20 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, suhbatda Oʻzbekistonning YEXHT bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Unda Oʻzbekiston va YEXHTning hamkorlik munosabatlarini faollashishidan ikkala tomon manfaatdorligi taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, ikki tomonlama munosabatlar yangicha tus olgani, qator qoʻshma tadbirlar, jumladan “Markaziy Osiyo mintaqasida ochiq jurnalistika” mavzusidagi Markaziy Osiyo 19-konferensiyasi, “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusidagi YEXHT shafeligidagi xalqaro konferensiya oʻtkazilgani hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.
Muzokaralarda, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan Afgʻonistondagi vaziyat, Oʻzbekiston – Slovakiya aloqalarining rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlar “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi”, “Vishegrad guruhi + Markaziy Osiyo” muloqoti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishni qoʻllab-quvvatladi.
Muzokaralardan soʻng, Miroslav Laychak tomonidan Termiz shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoshidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish boʻyicha taʼlim markazi uchun koʻngilli yordam sifatida 10 ming yevro miqdoridagi chek topshirildi.

 

OʻzA