Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida yo‘nalishli taksilar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ushbu jihatlar nazarda tutilgan.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida yo‘nalishli taksilar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat loyihasiga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan boshlab:
• jismoniy shaxslarga elektron platforma orqali operatorlar bilan shartnomalar tuzish sharti bilan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida to‘rt yo‘lovchi o‘rnidan ortiq bo‘lmagan sig‘imli yengil avtomobilda yo‘lovchi tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqi beriladi;
• yo‘nalishli taksida yo‘lovchilarning tijorat tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga litsenziya (litsenziya kartochkalari) berish uchun davlat boji yuridik shaxslar yengil avtomobillari uchun belgilangan stavkadan bir yarim barobar ortiq miqdorda to‘lanadi;
• qonunchilik bilan talab etiluvchi rangni yo‘nalishli taksiga bo‘yamagan holda berish uchun mustaqil yopishuvchi materiallar tegishli sxema bo‘yicha shaxmat kompozitsiyasini qo‘llash orqali eshiklar, old kapot va bagaj qismi yuzasiga yopishtiriladi.
Shu bilan birga, yo‘lovchilarni yo‘nalishli taksida tijorat tashuvlari bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar quyidagilarga majbur bo‘ladi:
• tashqi va ichki bezak hamda ekipirovka, yo‘nalishli taksilarning yagona belgilari bilan jihozlash bo‘yicha talablarga rioya etish (maxsus raqam belgilaridan tashqari);
• buyurtmalar (murojaat)ni qayd etish funksiyalari, to‘lov terminallari, taksometr hisoblagich, radioaloqa qurilmasi va safar summasi bo‘yicha yo‘lovchilarga majburiy ma’lumot berishni ta’minlaydigan maxsus ilovalardan foydalanish;
• O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan belgilangan tartibda reysdan oldingi ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ixtisoslashgan joylarda reysdan oldin tibbiy ko‘rik va avtomomobilning texnik ko‘rigini ta’minlash;
• Shuningdek, yo‘nalishli taksi sifatida foydalanishga mo‘ljallangan yengil avtomobillar ijarasini notarial tasdiqlash to‘g‘risidagi talabni bekor qilish rejalashtirilmoqda.
Yo‘nalishli taksilarida yo‘lovchilarni tashish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga aeroportlar, vokzallar, avtostansiyalar, savdo markazlari, shuningdek, mahalliy o‘zini o‘zi boshqari organlari yurituvida bo‘lgan markaziy bozorlar avtoturargohlaridan bepul foydalanish huquqi berilishi mumkin.
O‘zA