Sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam

Sayyoramiz jadal surʼatlar bilan oʻzgarayotgan, jahonda globallashuv jarayonlari roʻy berayotgan bugungi kunda insoniyat chuqur fundamental oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda.

Ana shunday sharoitda davlatlar hamkorlikning mustahkam mexanizmlarini yaratishga intilishi tabiiy hol. Shulardan biri barqaror tinchlik oʻrnatishning muhim sharti hisoblangan sivilizatsiyalararo muloqot boʻlib, u mustahkam xavfsizlik va uygʻun rivojlanish, mamlakatlar va xalqlar bir-biri bilan muloqot qiladigan, tajriba oʻrganadigan, oʻzaro ishonchga asoslangan va turli madaniyatlarni hurmat qilish asosida rivojlanadigan dunyoni yaratishga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida oʻzaro ishonchni yanada chuqurlashtirish – xalqaro hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirishning muhim garovi ekanini alohida qayd etib kelmoqda. Ishonch esa ikki va koʻp tomonlama munosabatlarda oʻzaro anglashuvning muhim omili ekani hammaga maʼlum.

Aynan shu bois xorijiy davlatlar, eng avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatish, dolzarb muammolarni birgalikda hal etish, barqaror rivojlanishga erishish, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash kabi tamoyillar Oʻzbekistonning yangilangan tashqi siyosati asosini tashkil etadi.

Mazkur gʻoya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yili Ostona shahrida boʻlib oʻtgan SHHT sammitida Shanxay hamkorlik tashkiloti markazlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Xalq diplomatiyasining muntazam faoliyat olib boruvchi instituti ishonch va yaxshi qoʻshnichilik, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.

Mazkur taklifni hayotga tatbiq qilish maqsadida mamlakatimizda davlat va jamoat tashkilotlari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Tashqi ishlar, Madaniyat, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi va Badiiy akademiya, Yoshlar ittifoqi, Jurnalistlar, Yozuvchilar uyushmalari nodavlat notijorat tashkilot shaklidagi markaz taʼsis etish tashabbusi bilan chiqdi.

SHHT doirasida bu kabi tashkilotni tashkil etish gʻoyasi mazkur mintaqaviy birlashmaning maqsad va vazifalari – ishonch va manfaatli hamkorlik, tenglik, turli madaniyat va sivilizatsiyalarni hurmat qilish, birgalikda rivojlanishga boʻlgan intilishga toʻla mos keladi.

Bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlarda sayyoramiz aholisining qariyb yarmi istiqomat qiladi.

Bunday ulkan salohiyatga ega SHHT Yevroosiyo mintaqasida oʻzaro munosabatlarning yangicha usulini shakllantirishda muhim oʻrin tutadi va bu borada xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish alohida ahamiyatga ega.

Zero, SHHT mamlakatlarini chuqur tarixiy aloqalar bogʻlab turadi. Asrlar mobaynida mintaqa xalqlarini savdo, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar almashinuvi orqali bogʻlab turgan hamda davlatlar, xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka asos solgan Buyuk ipak yoʻli boʻylab qaror topgan hamkorlik fikrimizga misol. Hozirgi kunga kelib xalqlarni yanada yaqinlashtirish va ushbu tarixiy jarayonni qayta tiklash zarurati tugʻilmoqda.

Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tashkilotga aʼzo davlatlar madaniyatlari, anʼana va urf-odatlarini chuqur oʻrganish, targʻib qilish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari hamda madaniy, akademik, tahliliy va taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, axborot resurslarini shakllantirishni maqsad qilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali sivilizatsiyalararo muloqotni yanada mustahkamlash tarafdori. Bu esa xalqlarni yaqinlashtirib, ishonch va yaqin hamkorlik ruhini mustahkamlash imkonini beradi.

Bu maqsadlarga erishish maqsadida Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan qator qoʻshma loyihalar amalga oshirilib, turli tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Madaniy-gumanitar sohada qoʻshma tadbirlar (festivallar, yarmarkalar, koʻrgazmalar) oʻtkazish, jumladan, folklor yoʻnalishida xalq hunarmandchiligi va ijodiyotini targʻib qilish, Buyuk ipak yoʻlining madaniy merosini saqlash yoʻlidagi hamkorlikni rivojlantirish ishlari shular jumlasidan. Shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlardagi kutubxonalar, muzeylar, teatrlar oʻrtasidagi aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ilmiy-texnik va innovatsion ishlanmalarga doir koʻrgazmalar, kinofestivallar tashkil qilish koʻzda tutilgan.

“Dunyo bolalar nigohida” nomli bolalar rasmlari koʻrgazmasi markazning ilk ana shunday loyihalaridan biri. Unda SHHTga aʼzo davlatlardan ishtirok etgan yoshlarning qariyb 700 ga yaqin ijodiy ishi namoyish etildi.

Koʻrgazmani oʻtkazishdan maqsad bolalarda Vatanga muhabbat tuygʻusini shakllantirish, yosh isteʼdodlarni aniqlash, turli xalqlar madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlarini targʻib qilishdan iboratdir.

Bolalar rasmlari koʻrgazmalarini SHHTning boshqa mamlakatlarida ham oʻtkazish markaz oldidagi rejalardan biridir.

Rahmatulla Nazarov,
Oʻzbekistondagi Shanxay hamkorlik
tashkilotining Xalq diplomatiyasi
markazi direktori.

 

OʻzA