Hukumat qarori bilan bir qator respublika ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish bo‘yicha nizomlar tasdiqlandi (237-son, 20.03.2019 y.). 
Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Bular:
• “Xalq cholg‘ulari ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi;
• Mukarrama Turg‘unboeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi;
• Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Qaror bilan tasdiqlangan mazkur nizomlarga muvofiq, har bir ko‘rik-tanlovda ishtirok etish va ularni o‘tkazish shartlari belgilandi.
Unga ko‘ra:
 “Xalq cholg‘ulari ijrochilari” tanlovi – joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marta iyun oyida Toshkent shahrida;
• Mukarrama Turg‘unboeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” tanlovi – joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marta oktabr oyida;
• Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovi – 2020 yildan boshlab har ikki yilda bir marta aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Tanlov g‘oliblari har bir yo‘nalish bo‘yicha diplom, statuetka va eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, nizomga ko‘ra “Yosh maqom ijrochilari” tanlovining maqom ansambli bo‘yicha g‘oliblari tegishli tartibda eng kam ish haqining 50 baravaridan 70 baravarigacha pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Madaniyat vazirligi tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi.

 

O‘zA