Niderlandiya politsiyasi Utrextdagi tramvayda yo‘lovchilarni o‘qqa tutgan 37 yoshli erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda shahar huquqni muhofaza qilish tarkibiy tuzilmasi rahbari Rob van Brey matbuot konferensiyasida ma’lum qildi, deb yozmoqda TASS.
Rob van Breyning ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida 3 kishi vafot etdi, 5 kishi jarohat oldi. Jabrlanganlar shifoxonaga yotqizilgan. Ularning 3 nafari og‘ir ahvolda.
Jinoyatchi – kelib chiqishi turk millatiga mansub bo‘lgan 37 yoshli Gyokmen Tanish. Politsiya uning harakatini terakt deb gumon qilayotganiga qaramay, mamlakat OAV u bu jinoyatni oilaviy sabablarga ko‘ra sodir etgani haqida yozmoqda.
Gyokmen Tanishni taniganlar uning bir-ikki yil avval nikohdan ajrashganidan so‘ng oilaviy va psixologik muammolarga duch kelganini aytmoqda. U sobiq rafiqasi yoki uning biron bir qarindoshidan o‘ch olmoqchi bo‘lganligi ham gumon qilinmoqda.
Niderlandiya teleradioko‘rsatuvlar korporatsiyasining ma’lum qilishicha, Tanish huquqni muhofaza qilish organlariga yaxshi tanish bo‘lgan. U 2012 yildan 2017 yilgacha bir necha jinoiy ish bo‘yicha (o‘g‘rilik, o‘q otar quroldan foydalanish, qotillik va zo‘ravonlikka urinishda) so‘roq qilingan.
Politsiya Tanishdan tashqari jinoyatga aloqador yana bir kishini qo‘lga olgani haqida ma’lumot bergan.
Eslatib o‘tamiz, kecha Niderlandiyaning Utrext shahridagi tramvaylarning birida noma’lum shaxslar yo‘lovchilarni o‘qqa tutgani haqida xabar berilgan edi.
G.Azimova, O‘zA