Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil qilgan “Tashqi siyosat va diplomatiya sohasida qonunchilikni takomillashtirish” mavzusidagi davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining mas’ul xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya hamda Toshkent davlat yuridik universitetlari olimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz xalqaro imijini mustahkamlashda parlamentning rolini oshirish, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi me’yoriy-huquqiy baza hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish milliy parlamentimizning ustuvor vazifalari ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning samarali tashqi siyosatida parlamentning alohida o‘rni bor. Binobarin, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida mamlakatimiz tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal qilishda parlament diplomatiyasi rolini kuchaytirish masalasi alohida band bilan belgilangan. Davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblangan parlamentlararo aloqalar zamonaviy xalqaro munosabatlarning rivojlanish dinamikasi, mazmun-mohiyati va istiqbollariga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.
– Keyingi yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan xalqaro munosabatlarga oid 14 ta qonun tayyorlanib, qabul qilingani mamlakatimizning tashqi siyosat sohasidagi islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilmoqda, – deydi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Feruza Eshmatova. – Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavi (yangi tahrirda), “Shanxay hamkorlik tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir. 2018 yilda Hindiston, Belarus, Polsha, Ozarbayjon, AQSh, Bolgariya kabi mamlakatlar bilan bevosita parlament do‘stlik guruhlari tuzildi. Bu sa’y-harakatlar O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar O‘zbekistonda yuz berayotgan demokratik jarayonlar, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida xorijiy mamlakatlarning parlament a’zolari orqali xalqaro hamjamiyat xabardor qilib kelinayotganini qayd etdi.
Davra suhbatida qo‘mita va tegishli vazirliklar bilan birga ishlab chiqilayotgan “O‘zbekiston Respublikasining diplomatik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.
* * *
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi Prezidentimizning 2018 yil 18 maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijro etilishi holatini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganish natijalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Respublika hududlarida mavjud bo‘lgan barcha chiqindilarni yig‘ish maydonchalari xatlovdan o‘tkazilib, to‘plangan ma’lumotlar asosida tegishli jadvallar shakllantirilgan. Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida yaratilgan maxsus portal ma’lumotlar bazasiga shahar va tumanlarga biriktirilgan 408 nafar inspektorga tegishli ma’lumotlar kiritilgan. Shuningdek, fuqarolar tomonidan jamoatchilik nazoratini olib borish hamda hududlarda aniqlangan noqonuniy chiqindixonalar to‘g‘risida xabar berish yoki shikoyatlar, foto va video materiallarni yuborishga mo‘ljallangan “Chiqindi nazorati” boti ishlab chiqilib, portal ma’lumotlar bazasi bilan bog‘langan.
Ammo qaror ijrosini Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari misolida o‘rganishlar ushbu hududlarda polimer plyonkali paket ishlab chiqaruvchilarning haqqoniy reestri yuritilmaganligini ko‘rsatdi.
Farg‘ona viloyatida aholi bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ommaviy shartnoma tizimiga o‘tilganini inobatga olib, bugungi kunda texnikalarning tashish quvvati bo‘yicha 846 mingdan ziyod aholi qamrab olingan. Jami aholisi 3,7 milliondan ziyodni tashkil etuvchi mazkur viloyatda “Toza hudud” DUK hamda sanitar tozalash korxonalari tomonidan 1 million 261,7 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu ko‘rsatkich viloyatning jami aholisiga nisbatan 34 foizni tashkil etadi, xolos. Mazkur holat chiqindi tashish texnikalarining yetishmasligi bilan izohlangan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining hamda Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari rahbarlarining mazkur axborot yuzasidan ma’lumotlari tinglandi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan tadbirda Prezident qarori ijrosini samarali ta’minlash bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi.
Abdulaziz Musaev, O‘zA