Kursantlar 8 mingdan ortiq kamchiliklarni aniqladi

O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi instituti kursantlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB hamda viloyatlar IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmalarida amaliyoti tashkil etildi. 
Prezidentimizning 2017 yil 23 maydagi “Yong‘in xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan amaliyotda bitiruvchi kursantlar “Yong‘in nazorati va profilaktikasi bo‘limi katta muhandisi” va “Xizmat va kasbiy tayyorgarlikni tashkil etish bo‘limi katta muhandisi” lavozimlarida amaliyot o‘tadi. Ular 2 oy mobaynida joylarda malakaviy amaliyot o‘tashi bilan bir qatorda, aholi turar joylarida yong‘inlar profilaktikasi va fuqarolarning is gazidan zaharlanishini oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari ham amalga oshirdi.
photo5210927234775362100.jpg
Xususan, mahallalarda fuqarolarning is gazidan zaharlanishiga olib keladigan omillar, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, shuningdek, gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanish, xonadonlarda ochiq olovdan foydalanish hamda dudbo‘ronlarning nosozligi oqibatida kelib chiqayotgan baxtsiz hodisalar aniqlandi. Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar va boshqa noxush holatlarni oldini olish bo‘yicha jami 45 mingdan ortiq xonadonda profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Amaliyot jarayonlarida 8 mingdan ortiq sohaga oid kamchilik aniqlandi, – deydi institutning texnologik jarayonlar yong‘in xavfsizligi kafedrasi katta o‘qituvchisi Odil To‘laganov. – Jumladan, isitish pechlaridan foydalanish va elektr sim kabellaridagi nosozlik holatlari oqibatidan kelib chiqadigan ko‘ngilsizliklar xususida aholiga tushunchalar berildi. Shuningdek, kursantlar tomonidan amaliyot davrida biriktirilgan murabbiylar ishtirokida ishlab chiqarish korxonalarida, 1 ming 165 maktabgacha ta’lim muassasasi, umumta’lim maktab va kasb-hunar kolleji, 166 oilaviy poliklinika va shifoxona hamda 147 bozor va savdo markazida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Institut professor-o‘qituvchilari va kursantlari tomonidan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.

 

Gulnoza Boboeva, O‘zA