Poytaxtimizda Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Moʻgʻuliston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Pokiston ilgʻor tajriba markazlarining kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar (KBRYAM) boʻyicha milliy muvofiqlashtiruvchilari, Yevropa Ittifoqi va qator boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida Markaziy Osiyo uchun toʻqqizinchi mintaqaviy kengash boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi, Yevropa Ittifoqining KBRYAM xavfini kamaytirish boʻyicha tashabbusi Mintaqaviy kotibiyati boshligʻi B.Gʻulomov, YEIning Markaziy Osiyo boʻyicha Ilgʻor tajriba markazi muvofiqlashtiruvchisi Tristan Simonart va boshqalar bu sohada mintaqamiz davlatlarida amalga oshirilayotgan loyihalar ezgu maqsadlarga qaratilganini alohida taʼkidladi.
Tadbirda Mintaqaviy kotibiyat faoliyatiga doir axborot taqdim etildi. Tahlil jarayonida “Aholining turli guruhlari orasida YEIning KBRYAM xavfini kamaytirish boʻyicha tashabbusini ommalashtirish” innovatsion loyihasi va “Jayron” dala mashgʻulotlari muhokamasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Afgʻoniston ilgʻor tajriba markazlarining KBRYAM boʻyicha milliy harakatlar rejalari taqdimoti oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda YEI tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyo mamlakatlarida kimyoviy va biologik chiqindilarni boshqarish” loyihasi faol amalga oshirilmoqda. Ayni paytda “Markaziy Osiyo mamlakatlarida bioxavfsizlik va biohimoya boʻyicha milliy huquqiy bazani mustahkamlash va ixtisoslashgan tayyorgarlikni taʼminlash” loyihasi yakunlanish bosqichida turibdi.
Kengashda BMT Xavfsizlik kengashining KBRYAM xavfini kamaytirishga oid rezolyutsiyasini bajarish boʻyicha mintaqa davlatlarining milliy harakatlar rejalari koʻrib chiqildi.
N.ZIYODULLAYEVA, OʻzA muxbiri