O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yili Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Nurota tumanidagi «Chashma» ziyoratgohi atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, sayyohlar uchun zamonaviy mehmonxona qurish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi.
O‘tgan yili bu ishlar to‘la amalga oshirilib, ziyoratgoh hududi o‘zgacha chiroy ochdi. Ellik o‘rinli «Nurota» mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Manzarali buta va daraxtlar ekilib, favvora bunyod etildi. Ziyoratchilar hordiq chiqarishi uchun so‘ri va o‘rindiqlar o‘rnatildi. Muzey binosi, Hunarmandchilik markazini barpo etish davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari tarixiy qadamjoni ziyorat qildi, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Chilustun» va «Panjvaqta» masjidlari, Abul Hasan Nuriy maqbarasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Shu boradagi loyiha takliflari bilan tanishar ekan, Prezidentimiz ziyoratchi va chet ellik sayyohlar uchun qulayliklarni oshirish, talab yuqoriligini inobatga olib yana sakson o‘rinli mehmonxona qurish, sayyohlarga xizmat turlarini ko‘paytirib, aholini qo‘shimcha daromad bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Quduqlar barpo etish va tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish orqali Nurota tumanidagi lalmi yerlardan samarali foydalanish, dukkakli ekinlar yetishtirish va chorvachilikni kengaytirish, parrandachilik-g‘allachilik klasteri tashkil etish rejalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoev ushbu barcha chora-tadbirlarni qamrab olgan, Nurota tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarorini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.
Mahalliy aholi vakillari – nuroniylar, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar bilan suhbatda shu kabi rejalar, mamlakatimiz va Navoiy viloyatidagi o‘zgarishlar haqida so‘z bordi.
Prezidentimiz Nurota tumanida ham to‘planib qolgan masalalar bosqichma-bosqich hal etilayotgani, ushbu tashrif chog‘ida yana ulkan rejalar belgilanishini qayd etdi.
– Odamlar bizga ishonyapti, ertangi kunga umid bilan qarayapti. Bu ishonchni har bir rahbar yuragidan o‘tkazib, yangicha dunyoqarash bilan ishlashi, xalqqa xizmat qilishi kerak. Eng katta masala – ish joylari. Hamma harakatlarimiz aholini ish bilan ta’minlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA