O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyada

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov boshchiligidagi mamlakatimiz idoralararo delegatsiyasi ma’muriy tartib-taomillar, Tokio va Nagoya ma’muriy sudlov tizimi bo‘yicha tashkil etilgan qo‘shma tadbirlarda ishtirok etish uchun Yaponiyada bo‘lib turibdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Yaponiyada huquqni qo‘llash va sud amaliyoti, ma’muriy tartib-taomillarga oid qonunchilikni o‘rganish, bu borada O‘zbekiston qonunchiligi haqida ma’lumot berish, shuningdek, ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlar bilan muloqot qilish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Mamlakatimiz delegatsiyasi 11-16 mart kunlari Yaponiya parlamenti, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklarida uchrashuvlar o‘tkazadi. Unda ma’muriy me’yoriy-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiya qilish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga izohlar va qiyosiy sharhlar tayyorlar kabi masalalar muhokama qilinadi.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov ushbu mamlakatdagi yurtdoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Qayd etish joiz, “Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida xorijdagi fuqarolar, yurtdoshlarimiz, nodavlat notijorat tashkilotlarni ko‘ngilli asosda birlashtirishni maqsad qilgan.
Bugungi kunda chet eldagi ko‘plab yurtdoshlarimiz O‘zbekistonning iqtisodiy, turistik salohiyati va nufuzini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish bo‘yicha o‘z g‘oya va tashabbuslarini taklif etmoqda. Yaponiyadagi vatandoshlar ham bundan mustasno emas. Xususan, yaponiyalik vatandoshlar turli milliy bayramlar va tadbirlar o‘tkazish, ona tilimiz va tariximizni o‘rganish maqsadida Madaniyat va ma’rifat markazini ochish g‘oyasini ilgari surmoqda.
Shuningdek, bu kabi markazlar O‘zbekistonda o‘z biznesini tashkil etish istagida bo‘lgan kunchiqar mamlakat tadbirkorlari uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishlari mumkin. Bu kabi masalalar “Yuksalish” umummilliy harakati raisi A.Burhonovning vatandoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida atroflicha muhokama qilinadi.

 

O‘zA