Samarqandda turk ishbilarmonlari bilan biznes forum oʻtkazildi

Samarqandda qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan mahalliy tadbirkorlar va Turkiyaning Sharqiy Anatoliya eksportchilar uyushmasiga aʼzo ishbilarmonlar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
V2V formatida tashkil etilgan uchrashuvda tomonlar qurilish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Turkiyada ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini yurtimizga import qilish, yurtimizda qoʻshma korxonalar tashkil etish borasida oʻz takliflarini bildirdi.
– Turkiya tijorat vazirligi huzuridagi Sharqiy Anatoliya eksportchilar uyushmasi tarkibiga kiruvchi qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi eng yirik 18 kompaniya vakillari samarqandlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib bordi, – deydi Oʻzbek-Turk savdo uyi rahbari Hamid Yangiboyev. – Bu qurilish materiallari ishlab chiqarish, pudrat va logistika xizmatlari koʻrsatish masalalarida hamkorlik bilan bogʻliq boʻldi. Jumladan, Urgut tumanida sement zavodlari uchun kimyoviy vosita ishlab chiqarish va Samarqand shahrida tom yopishda ishlatiladigan izolyatsion materiallar tayyorlash boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etishga kelishib olindi.
Mazkur uchrashuvda muhokama etilgan masalalar joriy yilning aprel oyida oʻtkaziladigan navbatdagi forumda yana bir bor koʻrib chiqilib, hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishga kirishiladi.

 

Gʻolib Hasanov, OʻzA