Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga oid qarorlari natijasida joylarda zamonaviy tibbiy muassasalar ishga tushirilmoqda. Namangan shahridagi “ANAMED” xususiy diagnostika markazi ana shunday subyektlardan biridir.
Davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu diagnostika markazi faoliyati bilan tanishdi.
Neyrojarrohlik, nevrologiya, kardiologiya, urologiyaga ixtisoslashgan ushbu markaz eng ilgʻor diagnostika uskunalari va boshqa tibbiy asboblar bilan jihozlangan. Jumladan, oxirgi avlod UTT apparati tashxis aniqligi va funksional imkoniyatlari bilan mamlakatimizda qoʻllanilayotgan sanoqli uskunalardan biridir. Shuningdek, markazning laboratoriya, nevropatologiya, radiologiya, endokrinologiya boʻlimlarida ham General Yelektrik, Siyemens kabi mashhur kompaniyalarda ishlab chiqarilgan tibbiyot texnikalari vositasida yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. Koʻchma rentgen, neyrojarrohlik stoli, anesteziologiya uskunasi, mikroiqlim hosil qilish, yoritish, sunʼiy nafas oldirish va boshqa koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha eng zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan ikkita jarrohlik blokida jahon andozalari darajasida jarrohlik amaliyotini oʻtkazish mumkin. Jonlantirish xonalari avtonom kommunikatsiya tizimi bilan taʼminlangan, bu xonalarda muayyan bemorga qulay va zarur iqlim sharoiti yaratib beriladi.
Bundan tashqari, oʻtgan yilda shifo maskaniga “Siemens Acison SC 2000” rusumli kardioUZI, Buyuk Britaniyaning “BTL” kompaniyasida ishlab chiqarilgan fizioterapiya muolajasi, Shvetsiyaning “Mirevarra” kompaniyasining operatsiya stoli va lampasi, Yaponiyaning “Fiji film” kompaniyasining raqamli rentgen kabi zamonaviy uskunalari keltirib oʻrnatildi.
Ayni paytda 52 oʻrinli statsionar davolash boʻlimini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Muassasada zamonaviy uskunalar bilan ishlay oladigan malakali kadrlar jamoasini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada ilmiy-amaliy hamkorlik boʻyicha Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasidagi yetakchi diagnostika markazlari bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Oʻtgan davr mobaynida bir guruh shifokorlar ushbu mamlakatlarda malaka oshirib qaytdi.
Oʻttizdan ziyod kishi doimiy ish bilan taʼminlangan klinikada Hindiston va Rossiya Federatsiyasidan tajribali shifokorlar ishga jalb etilgan. Statsionar va fizioterapiya boʻlimlari ishga tushirilishi bilan yana 50 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi. Markaz oʻz faoliyatini boshlagandan buyon oʻtgan qisqa vaqt mobaynida minglab bemorga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatdi.
Davlatimiz rahbari kasalliklarni davolagandan koʻra, ularning oldini olish zarurligini, toʻgʻri tashxis qoʻyish va kasalliklarni erta aniqlash uchun bunday diagnostika markazlari muhimligini taʼkidladi.
Shu yerda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Namangan viloyati axborot-kutubxona markazini modernizatsiya qilish va kitobxonlik madaniyatini oshirish konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Unga muvofiq, viloyatda yana 50 ta mahallada kutubxona, 12 ta zamonaviy koʻchma kitob doʻkonlari barpo etish, 4 ta “Bibliobus” faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev aholiga kitoblarni qulay tarzda yetkazib berish, Namanganda yashab oʻtgan atoqli alloma va adiblarning asarlarini nashr etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Ziyodulla Jonibekov, OʻzA