OʻZBЕKISTON – BUYUK BRITANIYA: Savdo-investitsiyaviy hamkorlik rivojlanmoqda

Toshkent shahrida 28 fevral kuni Savdo-sanoat boʻyicha Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya kengashining 24-majlisi tashkil etildi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida oʻkazilgan tadbirda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, ishbilarmon doira vakillari, Buyuk Britaniya Bosh vazirining savdo masalalari boʻyicha maxsus vakili, baronessa Emma Nikolson boshchiligidagi 60 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki vakillari qatnashdi.
Tadbirning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev mamlakatimizda soʻnggi yillarda investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, erkin bozor iqtisodiyotiga oʻtishga qaratilgan izchil islohotlar olib borilayotganini taʼkidladi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bundan keyin ham izchil davom etadi, – dedi E.Gʻaniyev. – Bu boradagi saʼy-harakatlar erkin bozor iqtisodiyotini qatʼiy qoʻllab-quvvatlash va mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishdagi intilishlarda ham namoyon.
Savdo-sanoat boʻyicha Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya kengashi ikki tomonlama kelishuvga koʻra, 1994 yilda tashkil etilgan. Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda ushbu kengash muhim oʻrin tutadi. Kengashning bu galgi majlisida Buyuk Britaniyadan 100 dan ziyod ishbilarmon qatnashgani xorijiy investorlarning mamlakatimizga boʻlgan ishonchi mustahkamlanib borayotganidan dalolat.
Tadbirda Buyuk Britaniya Bosh vazirining savdo masalalari boʻyicha maxsus vakili, baronessa Emma Nikolson Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagida boʻlgan britaniyalik investorlar soni koʻpayayotganini, bu taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda oʻzaro hamkorlik va savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish imkonini berishini qayd etdi. Buyuk Britaniya tomoni Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi.
– Davlatlarimiz oʻrtasida yaqin sheriklik munosabatlari oʻrnatilgan, – dedi baronessa Emma Nikolson. – Soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar oʻzaro munosabatlardagi yaqinlikni yanada kuchaytirmoqda. Oʻzbekiston mamlakat imijini mustahkamlash sari odimlamoqda, xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston “BB-” darajada qayd etilmoqda. Bularning bari yurtingizda makroiqtisodiy barqarorlik va rivojlanish istiqbollarini yaxshilashga qaratilgan islohotlar natijasidir.
Anjuman shuʼba majlislarida davom etdi. Unda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm sohalarida hamkorlik istiqbollari, Oʻzbekistonda loyihalarni moliyalashtirish kabi masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Savdo-sanoat boʻyicha Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya kengashi majlisi doirasida mamlakatimizda Prezident maktablari, xalqaro standartlarga mos oliy taʼlim muassasasini tashkil etish, shuningdek, Qashqadaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga moʻljallangan majmua, koʻp tarmoqli “London Clinic” shifoxonasini bunyod etish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida “G2G”, “G2B”, “B2B” formatidagi muzokaralar oʻtkazildi.

 

Malohat HUSANOVA, OʻzA muxbiri