Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.
Unda Ombudsman Ulugʻbek Muhammadiyev jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar tashkil etilayotgani, bu jarayonda qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy uchrashuvlar va yakka tartibdagi suhbatlar oʻtkazilganini qayd etdi.
2018 yilda qamoqda saqlanayotgan shaxslardan 909 murojaat tushgan, Ombudsman telefon raqamiga ilk marta 30 ta ogʻzaki murojaat tushgan.
Hisobot davrida tushgan murojaatlarning816 tasi sudning hukmiga (725 ta) va tergov tadbirlarining borishiga (91 ta) norozilik bilan bogʻliq boʻlgan.
Qamoqda saqlanayotgan shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ularning 15 nafari yaxshi tomonga jiddiy oʻzgargani tufayli shartli ravishda muddatidan oldin ozod etilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni oʻtashdan toʻliq ozod etilgan.
Ombudsmanning alohida eʼtibori huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotganlarga va mahkumlarga nisbatan noqonuniy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi shikoyatlarga qaratilgan. 2018 yilda Ombudsmanga bu borada 101 shikoyat kelib tushgan.
Ushbu shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun protsessual normalarni hisobga olgan holda ular Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga va Oliy sudiga yuborilgan. Mazkur shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish va qoʻshimcha tekshiruv oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida 4 ta qaror qabul qilingan. 7 ta shikoyat boʻyicha xizmat tekshiruvi belgilangan. 49 ta holatda shikoyatda bayon etilgan axborot oʻz tasdigʻini topmagan, 25 ta murojaat protsessual tartibda sudga yuborilgan va 16 ta murojaat koʻrib chiqilmoqda.
Hisobot boʻyicha Oliy Majlis Senati raisining oʻrinbosari Svetlana Ortiqova maʼruzachiga “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qiynoqlar bilan bogʻliq shafqatsiz, gʻayriqonuniy holatlarga hamon yoʻl qoʻyilayotgani Oʻzbekiston obroʻsiga putur yetkazmoqda. Bu holatlar chek qoʻyish uchun nima yetishmayapti? Bu borada qanday yordam kerak?”, degan savoliga U.Muhammadiyev “Bu borada oʻzaro hamkorlikka asoslangan dasturlar tasdiqlangani, lekin ayrim jihatlari bajarilmagani, 2019 yilda bu alohida eʼtiborga olinishi, huquqni muhofaza qiluvchi, xususan, ichki ishlar organlari xodimlari bilan maxsus seminarlar oʻtkazilishini” maʼlum qildi.
Norgul Abduraimova, OʻzA