Bugun – 2019 yil 1 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisi oʻz ishini davom ettirmoqda. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Majlisni Oliy Majlis Senati raisi N.Yoʻldoshev ochiq deb eʼlon qildi.
Yalpi majlis kun tartibiga 23 masala kiritilgan boʻlsa, kecha ularning 15 tasi koʻrib chiqildi. 14 qonun maʼqullandi va 1 qonun rad etildi.
Maʼqullangan qonunlar ichida “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”, “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi yangi qonunlar bor. Shuningdek, ayrim qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi hamda ayrim xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishga oid qonunlar ham maʼqullandi.
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun esa ayrim kamchiliklari tufayli rad etildi.
Ayni paytda senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Ulugʻbek Muhammadiyevning tuzilma 2018 yildagi faoliyatiga oid hisobotini eshitmoqda.
Bundan tashqari, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining axboroti, Qashqadaryo viloyati hokimining hisoboti eshitiladi.
Oʻzbekiston RespublikasiBoshvaziriga,Bosh vazir oʻrinbosarlariga parlament soʻrovlari yuborilishi ham kutilmoqda.