Prezident Namangan shahridagi “Art Soft TexGroup” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Tadbirkor boy boʻlsa, xalq ham, davlat ham boy boʻladi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan bu tamoyil mazkur korxona faoliyati misolida yaqqol koʻzga tashlanadi.
Bu yerda turli bichim va rangdagi sochiqlar, kattalar va bolalarga moʻljallangan xalat, choyshab kabi 100 dan ziyod turdagi import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar tayyorlanmoqda. Mahsulotning asosiy qismi Rossiya, Moldaviya, Ukraina, Bolgariya va qoʻshni davlatlarga eksport qilinayotir.
Korxonaning Rishton va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida 1 tadan, Namangan shahrida 3 ta ishlab chiqarish sexi bor. Ularda mehnat qilayotgan 2 mingdan ziyod ishchi tomonidan 2018 yilda 290 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. 9,4 million AQSH dollarilik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda eksport koʻlamini 3 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Korxonada tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish kompleksi ishga tushirilishi bilan yana 1000 ga yaqin ish oʻrni yaratildi, eksport hajmi ham ortdi.
“Art Soft Tex Group” bugungi kunda klaster usulida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqda. Ayni paytda viloyatning Mingbuloq, Pop tumanlarida paxta va gʻalla uchun ekin yer maydoni ajratilgan. Korxona qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olgan. Tez orada mashina-traktor parki quriladi.
Prezidentimiz korxonaning kelgusi rejalari bilan tanishdi. Yaqin kelajakda issiqxona, chorva, fermer xoʻjaliklari, omuxta yem, yogʻ ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Ikkita paxta tozalash zavodi, paxta chigitini chuqur qayta ishlash va sifatli urugʻ yetishtirish, don mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari ish boshlaydi.
Davlatimiz rahbari bu yerda ishlab chiqarish quvvatini ilgʻor tajribalar orqali rivojlantirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Klaster usulida tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish kerak. Buning uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Imkoniyatimiz ham yetarli, faqat undan maqsadli foydalanish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerning oʻzida viloyatda parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, asalarichilik, quyonchilik, intensiv bogʻdorchilik, irrigatsiya va meliorativ tadbirlarni amalga oshirish, zaxiradagi yerlarni foydalanishga kiritish, yer va kadastr tizimida yangi innovatsion ishlanmalarni qoʻllashga qaratilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Malayziyaning “Kai shing food” kompaniyasi bilan hamkorlikda Chust tumanida parrandachilik klasteri tashkil etish koʻzda tutilgan. Toʻliq xorijiy investitsiya asosida yoʻlga qoʻyiladigan loyiha 2020 yilda ish boshlaydi. Tovuq goʻshti, tovuq essensiyasi Yevropa, Arab, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, Xitoyga eksport qilinadi.
Pop tumanida naslli echki yetishtirish, echki junini qayta ishlash klasteri, qoʻy va yilqichilik loyihasi, Uchqoʻrgʻon tumanida amalga oshiriladigan naslli qoramollar va sutchilik klasteri ham istiqbolli rejalardandir.
Viloyatda 35 ming 158 gektar zaxiradagi qishloq xoʻjaligi yerlari mavjud. Rejaga koʻra, joriy yilda 18 ming 764 gektar yer maydoni foydalanishga kiritiladi. Bu yerlarga ozuqa, savzabot, poliz ekinlari ekiladi, tutzor, uzumzor, bogʻlar barpo etiladi.
Yana bir loyihada yer va kadastr tizimida yangi innovatsiyalarni joriy qilish boʻyicha maʼlumot berildi. Yangi tizim blokcheyn usulida qoʻllaniladi. Innovatsion takliflarga koʻra, bu tizim orqali obyektni roʻyxatga olishda shaffoflikni oshirish, portal orqali yer ajratish nazarda tutilmoqda. Shu tariqa elektron kadastr pasportini olish muddati 50 kundan 2 kunga tushadi, “Doing business” reytingida kuchli 30 talikka kirish imkoniyati yuzaga keladi, kadastr yigʻma jildidan “aqlli karta”ga oʻtiladi.
Davlatimiz rahbari bu kabi istiqbolli loyihalarni imkon qadar tezroq ishga tushirib, aholini ish bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA