Prezident oʻzini oʻzi elektr energiyasi bilan taʼminlaydigan korxona faoliyati bilan tanishdi

Mamlakatimizda tabirkorlik bilan shugʻullanish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Buning samarasida zamon bilan himnafas faoliyat yuritib, zamonaviy va eksportbop mahsulot ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar safi kengaymoqda.
Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “FT TEXTILE GROUP” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona bosh direktori Zafar Rahimov ana shunday tadbirkorlardan biridir. Bugungi kunda korxonada tayyorlanayotgan ip-kalava mahsulotlari Xitoy, Rossiya, Turkiya va Ukrainaga eksport qilinmoqda.
Korxona “Shahand” qishloq fuqarolar yigʻinidagi Bogʻishamol mahallasi hududida joylashgan. Umumiy yer maydoni 7,7 gektar. Tadbirkor deyarli xaroba holatga kelgan inshootni sotib oldi. Ishni xorijning yetakchi korxonalaridagi zamonaviy yigiruv dasgohlarini oʻrganishdan boshladi. Bino taʼmirlangach, Germaniyadan eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy ip yigiruv mashinalari olib kelib oʻrnatildi. Boshqa zarur uskunalar Belgiya, Shveysariya, Hindiston va Turkiya davlatlaridan olib kelindi. 2018 yili korxonaning birinchi bosqichi ish boshladi.
Korxonaning faoliyat boshlashi Bogʻishamol, Dukat, Temirqishloq, Olchin, Axsi kabi mahallalarda yashovchi 300 nafar fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlash imkonini berdi. Ularning aksariyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi yengil sanoat kasb-xunar kollejida mutaxassisligi boʻyicha mahoratini oshirgan. Hozir korxonada yiliga 15,6 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Yillik eksport hajmi 10,2 million dollar.
Tadbirkor oʻz ishiga innovatsion yondashadi. Gap shundaki, ushbu korxona oʻzini elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlash imkoniyatiga ega. Bu yerga Germaniyadan eng zamonaviy gazogenerator keltirib oʻrnatilgan. U korxonada elektr energiyasining uzluksiz boʻlishini taʼminlaydi. Ish jarayonida paydo boʻladigan issiq suv ham behudaga ketmaydi. 9 gektar issiqxonani issiqlik bilan taʼminlashga yetadi. Demak, “FT TEXTILE GROUP” mamlakatimizda oʻzini elektr energiyasi bilan taʼminlaydigan birinchi korxona boʻldi.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Bunday korxonalarni yana koʻplab tashkil etish, paxta xomashyosidan ip-kalavadan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish lozimligi qayd etildi.
Mamlakatimizda oʻz ishiga innovatsion yondashadigan tadbirkorlarning yangi avlodi paydo boʻlmoqda, dedi Prezident. – Ularning safini kengaytirish, doimo qoʻllab-quvvatlashimiz lozim.
Prezidentga korxonaning ikkinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi. Unda yiliga qoʻshicha 20,8 ming tonna ip-kallava ishlab chiqarish, 200 ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Ushbu bosqich yakunlangach, ishlab chiqarish quvvati yiliga 36,1 ming tonnaga, eksport hajmi 25,2 million dollar, umumiy ish oʻrni 500 taga yetadi.
Shu yerda Namangan viloyatida Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan investitsion loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi. Unda 43 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan “Lada” avtomobillari yoritish chiroqlari ishlab chiqarish, “Damas” avtomobili old yoritish chiroqlari tayyorlashni mahalliylashtirish, “Norin moto bayk” korxonasi tomonidan moped, skuter, mototsikl va motoroller ishlab chiqarish kabi koʻplab loyihalar taqdim etildi. Pop tumanida “Uz youcheng group” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonada rejalashtirilayotgan tekstil toʻquv dastgohlari ishlab chiqarish loyihasi shulardan biridir. Ushbu korxona ishga tushrilishi evaziga mamlakatimizga xorijdan import qilinayotgan toʻquv dastgohlariga sarflanayotgan millionlab dollar mablagʻ tejaladi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshiirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

 

Ziyodulla JONIBЕKOV, OʻzA